COVID-19, xususan, “omikron” shtammi davom etayotganiga qaramay, dunyodagi barcha maktablar ochiq qolishi kerak, deb hisoblaydi BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF). Jamg‘arma ijrochi direktori Genriyetta For 27 yanvar kuni: “Hech qanday bahonaga o‘rin yo‘q. Maktablar ochiq qolishi kerak. Bolalar kuta olmaydi”, — deya ta’lim inqirozining qaytarilmas oqibatlaridan ogohlantirdi.

“COVID-19 ning „omikron“ varianti butun dunyo bo‘ylab yurishda davom etmoqda va bu vaziyatda biz hukumatlarni bolalar ta’limida keyingi buzilishlarning oldini olish uchun qo‘llaridan kelganini qilishga chaqiramiz”, — dedi Genriyetta For.

Uning ta’kidlashicha, ta’lim sohasidagi inqirozni bartaraf etish uchun bolalarni kunduzgi ta’limga qaytarish kerak. Buning uchun maktablar ochiq bo‘lishi, zudlik bilan o‘qituvchilar va xodimlar vaksinatsiyasi ta’minlanishi, maktab o‘quvchilari esa imkon qadar emlashlari kerak, ammo vaksinatsiyani ularning maktabga qaytishining majburiy sharti bo‘lmasligi kerak, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi BMT sayti.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga muvofiq, UNICEF maktablarni ochiq saqlashga va mamlakatning COVID-19 ga qarshi kurash strategiyalari barcha bolalar va o‘smirlarning, shu jumladan emlanmagan bolalarning ta’lim va jamiyat hayotining boshqa sohalarida ishtirok etishini ta’minlashga chaqiradi”, — deyiladi bayonotda.

20 yanvar kuni O‘zbekistonda maktablarda (shuningdek, OTM, litsey va kasb-hunar ta’limi muassasalarida) ta’lim bir oy muddatga onlayn tarzda o‘tilishi ma’lum qilindi. Bolalar bog‘chalari esa faoliyatini davom ettirmoqda.

Ushbu e’longa qadar UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tarqatgan xabarda esa quyidagilar keltirilgan edi: “Maktablar ta’lim berish bilan bir qatorda ijtimoiy zaif bolalarning farovonligiga hissa qo‘shib, ko‘plab muhim xizmatlarni taqdim etadi. Maktab bolalar uchun tengdoshlari va o‘qituvchilari bilan munosabatlar qurish uchun asosiy ijtimoiy muhitdir. Himoya choralari ko‘rilgan holda maktablar ochiq qolishi lozim”.

“Maktablarning yopilishi butun dunyo bo‘ylab yuzlab mln maktab o‘quvchilariga, O‘zbekistonda esa 6 mlndan ortiq o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatadi”, — deb yozdi UNICEF vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzoda 18 yanvar kuni tvitterda. “Sinfda bo‘lish bolalarning manfaatlariga mos keladi”.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 616 mln bola va o‘smir hozirda maktablarning to‘liq yoki qisman yopilishidan qandaydir tarzda zarar ko‘rmoqda. Mart oyida COVID-19 tufayli global ta’lim tizimidagi buzilish boshlanganiga roppa-rosa ikki yil bo‘ladi.

24 yanvar kuni UNICEFning Ta’lim bo‘yicha Global dasturi rahbari Robert Jenkins shunday dedi: “Ta'lim sohasidagi uzilishlarni bartaraf etish zarurligiga qaramasdan, shunchaki maktablarni qayta ochishning o‘zi yetarli emas. Ta’lim sohasidagi yo‘qotishlarni qoplash uchun o‘quvchilar intensiv yordamga muhtoj. Maktablar, shuningdek, bolalarning aqliy va jismoniy salomatligini, ijtimoiy rivojlanishini va ovqatlanishini tiklash uchun oddiy ta’lim muassasasi chegaralaridan chiqishi kerak”.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarda ta’limdagi uzilishlar 10 yoshli bolalarning 70 foizgachasi oddiy matnni o‘qish yoki tushuna olmaydigan bo‘lgan. Pandemiyadan oldin bu ko‘rsatkich 53 foiz edi.

AQShda ta’lim yo‘qotishlari ko‘plab shtatlarda kuzatilmoqda. 2021 yilda Texasda uchinchi sinf o‘quvchilarining uchdan ikki qismi 2019 yildagi bolalarning yarmiga nisbatan matematika fanidan talab qilinadigan darajadan past natija ko‘rsatdi.

Maktablarning yopilishi bolalarning ruhiy salomatligiga ham ta’sir qilmoqda. Shifokorlarning ta’kidlashicha, COVID-19 bolalar va yoshlar o‘rtasida tashvish va ruhiy tushkunlik holatlarining ko‘payishiga olib keldi. Bundan tashqari, qashshoq mamlakatlarda va kambag‘al oilalarda 370 mlndan ortiq o‘quvchi maktablardagi bepul ovqatlanishdan mahrum bo‘lgan.

2020 yil dekabridayoq UNICEF 191 mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib, koronavirus tarqalishi va maktablar ochilishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Jamg‘arma juda ko‘p maktablar keraksiz ravishda yopilayotgani va maktablarni COVID-19 dan xavfsiz saqlash choralarini ko‘rishga yetarlicha e’tibor berilmayotganidan xavotir bildirdi.