25 yanvar kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilish kuzatildi. 26 yanvar kuni soat 22:00 holatiga ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanmagan edi.

Koronavirusga qarshi emlashda ishlatiladigan vaksinalarning ayrimlari muzlatilgan holda va ayrimlari esa sovuq holda saqlashni talab etadi. «Gazeta.uz» seshanba kuni kuzatilgan elektr energiyasi uzilishlari emlash ishlarini olib boradigan poliklinikalar va vaksina saqlash omborxanalari ishlariga qanday ta’sir ko‘rsatganini surishtirdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirgi paytda O‘zbekiston bo‘yicha jami 221 ta vaksina saqlash omborlari bor. Ularning 206 tasi kichik omborxonalar bo‘lib, ular tumanlarda joylashgan, 14 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida va 1 tasi O‘zbekiston Milliy vaksinalar saqlash ombori hisoblanadi.

«25 yanvarda kuzatilgan elektr energiyasi ta’minotidagi uzulishlar paytida vaksina saqlash omborlari maxsus generatorlar yordamida uzluksiz elektr toki bilan ta’minlandi. Chekka-chekka tumanlardagi vaksina saqlash omborlarining barchasida generatorlar yo‘qligi bois ular dvijoklar yordamida elektr energiyasi bilan ta’minlandi», — deydi SES matbuot kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 27 yanvar holati bo‘yicha O‘zbekistonda 7 milliondan ortiq ishlatilmagan vaksinalar bor. Bular Moderna, Pfizer va ZF-UZ-VAC2001 vaksinalari.

«Har bitta emlash ishlarini olib boradigan poliklinikalarning o‘z generatorlari bor. Elektr toki o‘chgani bilan bu ularning ishiga ta’sir qilmagan, qanday ishlagan bo‘lsa, shunday ishlashni davom etgan. Shu sababli, bir dona vaksina ham yaroqsiz holga kelmagan», — deya ta’kidladi Tursunova San-epid xizmati Vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Diloram Tursunova. Uning aytishicha, poliklinikalar oldinroq 1 oy muddatga yetadigan vaksinalarni olib ketgan bo‘lgan.

Hozirgi paytda O‘zbekiston bo‘yicha 3138 ta emlash punktlari bor.

Ma’lumot uchun, Energetika vazirligi 25 yanvar kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida elektr energiyasi ta’minotida bo‘lgan uzilishlarni Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida yuz bergan yirik avariya bilan izohladi. Ushbu avariya bois dastlab Qozog‘iston va Qirg‘izistonning viloyatlarida elektr ta’minoti uzilgan, natijada O‘zbekiston elektr tarmog‘iga Qozog‘istondan keluvchi liniyadagi kuchlanish va chastotaning keskin o‘zgarishi sabab Toshkent IESi, Sirdaryo IESida avariya himoya vositalari ishlab ketib, bu ikkala stansiyani ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan.