Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatni rivojlantirish strategiyasi rejalari bilan bo‘lishdi. Bu haqda Zarnews xabar berdi.

Viloyat hokimining rejasiga ko‘ra, kelgusi 5 yilda Samarqandda 1900 km yo‘l shag‘allashtirilib, «loy bo‘lgan yo‘l umuman qolmaydi». Shuningdek, 8 ming km yo‘llarga asfalt yotqiziladi, 270 ta ko‘priklarda qurilish, ta’mirlash rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi, 61 ming donadan ortiq eski simyog‘ochlar to‘liq yangilanadi, 2200 kmdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi, rekonstruksiya qilinadi.

«Taraqqiyot strategiyasida asosiy e’tibor inson qadrini ulug‘lashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu strategiya joylardagi ijro hokimiyati vakillariga kelgusi 5 yilda nima ishlarni amalga oshirishimiz kerakligini, qanday maqsadlarga erishishligimizni ega, kesim qilib oddiygina tilda ishlab chiqilgan dasturiy amaldir. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha viloyatimiz aholisining umumiy daromadi 51 trillion so‘mni tashkil etib, 24 foizga o‘sdi. Aholi jon boshiga 12 million 900 ming so‘mga yetdi. Kelgusi besh yilda buni 2,5 barobar oshirish va 32 million so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda esa aholi [jon boshiga] daromadlar 16 million so‘m bo‘lishi kutilmoqda», — dedi Turdimov.

Uning aytishicha, bu maqsadlarga erishish uchun 2022−2026 yillarda viloyatda kamida 8 mlrd dollarlik 5,5 mingdan ortiq investitsiya loyihalar amalga oshiriladi. Bu orqali 250 mingdan ortiq real, doimiy ish o‘rni yaratilishi, ishsizlik darajasini 2 barobar qisqartirish nazarda tutilgan.

Viloyat hokimiga ko‘ra, 2022 yilda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va daromadlarni oshirish maqsadida bevosita mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyasi va xulosasi asosida 1,3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, joriy yilda Samarqand shahrini «bir millionli shahar» ga aylantirish borasida faol ish olib borish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Turdimov o‘tgan yilning aprel oyida Samarqand 2021 yil oxiriga qadar aholisi bir milliondan oshadigan shaharga aylanishini aytgan edi.