Yevropa Ittifoqi Ukraina tufayli Rossiyaga valyuta konvertatsiyasi, eksport va importni cheklashga ruxsat berdi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi valyuta konvertatsiyasi, eksport va import, «asosiy texnologiyalar»dan foydalanishni cheklash kabi sanksiyalarni ko‘rib chiqmoqda. YeI bu ma’lumotni rasman izohlagani yo‘q deya xabar berdi Bloomberg.

Agentlikning qayd etishicha, agar Rossiya Yevropa mamlakatlariga gaz yetkazib berishni cheklasa, kiberhujumlar qilsa, dezinformatsion kampaniyalar o‘tkazsa yoki Ukrainaga bostirib kirsa, YeI yuqoridagi sanksiyalarni qo‘llash niyatida.

Agentlik manbalaridan biri «asosiy texnologiyalar»ni Swift to‘lov tizimiga kirish va «elektr energiyasi uchun jarimalar» deb tushunishini ma’lum qilgan. Agentlik manbasi bu tezisni batafsilroq oshkor qilmagan.

Bir kun avval, 25 yanvar kuni AQSh prezidenti ma’muriyati vakili Qo‘shma Shtatlar va YeI Rossiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalarni faol ravishda batafsil muhokama qilayotganini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, AQSh Yevropaga muqobil gaz yetkazib beruvchilarni qidirmoqda. Germaniya Rossiyaga qarshi energiya sanksiyalariga qarshilik qilmoqda.

Shuningdek:

  • AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llanilishini istisno qilmasligini aytdi. Baydenning taxmin qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlari qanday bo‘lishini faqat Rossiya prezidentining o‘zi biladi. «Hamma gap Putinda. Menimcha, uning atrofidagilar ham (uning rejalari haqida) aniq bilishmaydi», — dedi AQSh prezidenti.

Qozog‘istonda antiterror operatsiyalar rejimi bekor qilindi

Qozog‘iston maxsus xizmatlari 26 yanvardan so‘nggi uch hudud — Olmaota va Jambil viloyatlari, shuningdek, Olmaota shahrida aksilterror operatsiyasi rejimini bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi saytida xabar berildi.

«Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Respublika operativ shtabi 26 yanvar soat 00:00 dan terrorchilik xavfining o‘ta qizil darajasida bo‘lgan Olmaota, Jambil viloyatlari va Olmaota shahrida aksilterror operatsiyasi rejimi to‘xtatilgani haqida xabar beradi. Ushbu hududlarda terroristik tahdidning yuqori to‘q sariq darajasi o‘rnatildi», — deyiladi xabarda.


Fransiyada bir sutkada birinchi marta yarim million kishida COVID-19 holati aniqlandi

Fransiya sog‘liqni saqlash xizmatlari 25 yanvar kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyada bir sutkada 501 mingdan ortiq yangi koronavirusga chalinish holatlari qayd etilgan. Bu haqda Interfaks xabar berdi.

Bu pandemiya davrida mamlakatda kasallanganlar sonining kunlik eng yuqori ko‘rsatkichidir So‘nggi 24 soat ichida Fransiyada 364 kishi koronavirusdan vafot etdi.

Janubiy Koreyada ham COVID-19 bilan kasallanganlar sonining kunlik o‘sishi rekord darajaga yetdi. Bir kunda 13 mingdan ortiq kishi kasallangan. Mamlakat uchun bu pandemiyaning butun davridagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi — Interfaks.

Germaniyada so‘nggi sutka davomida 164 mingdan ortiq koronavirus infeksiyasi qayd etildi, bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich, deya xabar berdi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibiga kiruvchi Robert Kox instituti.


Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan koronavirusga chalindi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan koronavirusga chalinib, o‘z-o‘zini izolyatsiyaga qilishga o‘tdi, deya xabar berdi respublika hukumati matbuot xizmatiga tayanib RIA Novosti.

«Pashinyan koronavirusga test topshirdi, natijasi ijobiy bo‘ldi. Bosh vazir belgilangan tartibda o‘zini-o‘zi izolyatsiya qiladi», — deyiladi xabarda. Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi rahbari masofadan turib ishlaydi.