25 yanvar kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilish kuzatildi. Energetika vazirligi vaziyatga izoh berib, Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida yirik avariya yuz berishi natijasida dastlab Qozog‘iston va Qirg‘izistonning viloyatlarida elektr ta’minoti uzilganligini, natijada O‘zbekiston elektr tarmog‘iga Qozog‘istondan keluvchi liniyadagi kuchlanish va chastotaning keskin o‘zgarishi sabab Toshkent IESi, Sirdaryo IESida avariya himoya vositalari ishlab ketib, bu ikkala stansiyani ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelganligini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 26 yanvar soat 09:30 holatiga respublikada elektr energiyasi ta’minoti 70 foiz tiklangan edi. Soat 19:55 holatiga, mamlakatdagi mavjud issiqlik va gidroelektr stansiyalarining faoliyati 80 foizga tiklangan.

«Yuksalish» umummilliy harakati ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur hodisa uch mamlakatning 40 milliondan ziyod aholisiga ta’sir ko‘rsatgan. Strategik obyektlar, ijtimoiy muassasalar va aholiga elektr energiyasi yetkazib berish ishlari haligacha bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi aytilgan.

Qayd etish joizki, elektr energiyasi ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilishlar jamiyatga juda katta iqtisodiy zarar keltiradi. Zero bugungi kun jamiyatda aholining kundalik hayot tarzi bilan birga iqtisodiyotning qator ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining uzluksiz faoliyati bevosita elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq.

Mutaxassislarga ko‘ra, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, eng avvalo, elerktroenergetika sohasi ishlab chiqarishi va elektr energiyasi foydalanuvchilariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Elektr uzilishlarining bevosita iqtisodiy ta’siri qisqa vaqt ichida namoyon bo‘ladi.

Elerktroenergetika sohasi nimadan jabr ko‘radi?

Elektroenergetika korxonalarining asosiy vazifasi iste’molchilarni maqbul narxlardagi ishonchli va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashdan iborat.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar natijasida elektroenergetika korxonalarining elektr energiyasini yetkazib berishdan oladigan tushumlari kamayadi. Ustiga-ustak, yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish xarajatlari sabab katta iqtisodiy yo‘qotishlar yuzaga keladi.

Elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning iste’molchilarga iqtisodiy ta’siri qanday?

Yuqorida ta’kidlanganidek, bugungi kun jamiyatida elektr energiyasi iste’molchilari, shu jumladan, aholi, iqtisodiyotning deyarli barcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari elektr ta’minoti uzilishlari natijasida jiddiy iqtisodiy yo‘qotishlarni boshdan kechirishi mumkin.

Eng ko‘p kim zarar ko‘radi?

BloomEnergy`ga ko‘ra, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlardan beshta soha eng ko‘p zarar ko‘radi:

  • Ma’lumot markazlari. Elektr energiyasidagi uzilishlar natijasida ko‘plab kompaniyalar ma’lumotlarini saqlash va boshqarish vazifasini bajaruvchi ma’lumot markazlari faoliyati izdan chiqishi mumkin;
  • Ishlab chiqarish. Biznes vakillari uzilish vaqtida ishlab chiqarishning to‘xtashi bilan bir qatorda asbob-uskunalarning zararlanishi xavfidan ham aziyat chekishadi. Oldinroq «Gazeta.uz» elektr ta’minotidagi uzilishlar biznes sohasi vakillariga qanday ta’sir qilishi haqida yozgan edi;
  • Savdo sohasi. Mahsulotlarni (belgilangan haroratda) saqlash bilan bog‘liq muammolar hamda xaridorlar oqimining kamayishi savdo sohasi vakillariga qimmatga tushishi mumkin;
  • Sog‘liqni saqlash. Sog‘liqni saqlash tizimida bemorlar hayoti elektr ta’minoti uzluksizligi bilan chambarchas bog‘liq. Favqulodda holatlarda shifoxonalar zaxiradagi dizel-generatorlaridan foydalanishlari ham mumkin, biroq ular ishonchli emas. Bundan tashqari, dizel-generatorlarida 40 dan ortiq zaharli moddalar aniqlangan bo‘lib, havoni ifloslantirishi va odamlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin;
  • Ta’lim. AKT xizmatlari, kompyuter xonalari va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan xonalardan foydalanish imkoniyati cheklanadi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi maktab, litsey, kollej va OTMlar 24 yanvardan 1 oyga onlayn ta’lim tizimiga o‘tgan edi.

Quyida keltirilgan so‘nggi 20 yildagi ayrim yirik blekautlar misolida ularning elektroenergetika sohasi va iste’molchilarga keltirishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy zararlari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishingiz mumkin.

Tarixdagi yirik blekautlar

2003 yil 14 avgustda AQSh tarixidagi eng yirik elektr ta’minoti uzilishi — blekaut kuzatilgan. Natijada AQShning bir qancha shtatlari hamda Kanadaning Ontario provinsiyasi elektr energiyasidan uzilib qolgan. Elektr energiyasi ta’minoti AQShda 2−4 kun oralig‘ida, Kanadada esa 22 avgustga kelib (8 kundan keyin) to‘liq tiklangan.

Blekaut vaqtida qariyb 50 million aholi elektr ta’minotisiz qolgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh tomonidan ko‘rilgan iqtisodiy zarar miqdori kamida 4−10 mlrd dollar atrofida baholangan. Shuningdek, avgust oyida Kanada YAIM hajmi 0,7 foizga qisqarganligi qayd etilgan.

2003 yil Britaniya Milliy elektr tarmog‘i korporatsiyasi elektr uzatish tizimida nosozlik yuz berib, elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelgan. Natijada korporatsiya umumiy yo‘qotishi Londonga yetkazib beriladigan quvvatning taxminan 20 foizini tashkil etgan. 410 ming xonadonlar va biznes obyektlari elektr ta’minotidan uzilib qolgan. Blekaut shahar metropolitenining 60 foiz qismiga ta’sir ko‘rsatgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2006 yil G‘arbiy Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida yuzaga kelgan uzilishlar qariyb 10 million aholi kundalik turmushiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Germaniyadagi Kyoln sanoat shaharchasi esa bir deganda falaj holga kelib qolgan.

2011 yil Braziliya shimoliy-sharqi elektr tarmog‘idagi keng ko‘lamli elektr uzilishlari hududdagi 8 ta shtatni qamrab olgan. Mazkur uzilishlar natijasidagi yo‘qotishlar hududga yetkazib beriladigan umumiy quvvatning 90,1 foiziga teng bo‘lgan va 60 mln dollar iqtisodiy yo‘qotishga olib kelgan.

2012 yil 30−31 iyul kunlari Hindistonda yuz bergan energiya ta’minotidagi jiddiy nosozliklar yo‘llardagi tartibsizliklar, sayyohlarning turib qolishi, moliyaviy operatsiyalardagi uzilishlarga olib kelgan. Hindiston kompaniyalari milliardlab dollar zarar ko‘rgan. Mamlakatning 21 ta shtatida 650 millionga yaqin aholi qariyb 8−10 soat davomida tarmoqdan uzilib qolgan.

2021 yil yanvarda Pokistonda sodir bo‘lgan elektr energiyasi ta’minotidagi yirik uzilish mamlakatning yirik shaharlari, jumladan, poytaxt Islomobodga ham ta’sir ko‘rsatgan. Bu mamlakatdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri «Guddu»da yuz bergan avariya bilan izohlangan. Mazkur blekaut mamlakatning 200 milliondan ziyod aholisini elektrsiz qoldirgani aytiladi.

Infografika: «Yuksalish» umummilliy harakati

Elektr energiyasining uzilishi, eng kamida, sanoat ishlab chiqarishdagi uzilishlarga va umumiy ishlab chiqarishning qisqarishiga olib keladi, biznes faoliyati bilan bog‘liq elektron operatsiyalar yakunlanmay qoladi, aholi elektr ta’minoti (shu bilan birga, boshqa maishiy xizmatlar) uzilishidan aziyat chekadi, uzoq yoki yuqori chastotali uzilishlar aholi orasida vahima keltirib chiqarishi mumkin, deya ta’kidlaydi tadqiqotchilar.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar natijasida kelib chiqadigan iqtisodiy yo‘qotishlarning ko‘lamiga nima ta’sir ko‘rsatadi?

Mutaxassislarning qayd etishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlarning iqtisodiy yo‘qotishlari ko‘lamiga asosan uzilish chastotasi, uzilish davomiyligi, foydalanuvchilarning turlari, uzilish vaqti, elektr uzilishlari haqida oldindan xabar berish va boshqa shu kabi omillar ta’sir qiladi.

Uzilishlar chastotasi — elektr ta’minotidagi uzilishlarning qanchalik tez-tez takrorlanishi iste’molchilar faoliyatidagi shunchalik ko‘p to‘xtalishlarga sabab bo‘ladi, elektroenergetika korxonalarining nosozliklarni bartaraf etishga sarf-xarajatlari ko‘payadi.

Elektr energiya ta’minotining taqchilligi — elektr tarmog‘ining ishonchlilik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uzilishlar va elektr ta’minoti taqchilligi xavfi, shu bilan birga, elektr uzilishlarining iqtisodiy zarari ko‘lami shunchalik kichik bo‘ladi.

Uzilish davomiyligi — uzilishning dastlabki bosqichida yo‘qotishlar qiymati oshib boradi, biroq uzilish davomiyligi ma’lum bir kritik qiymatdan oshgach, yo‘qotishlar qiymati asta-sekin barqarorlashadi. Ya’ni kutilmagan uzilishlar ayrim energiya iste’molchilari faoliyatida kutilmagan shoklarni keltirib chiqarishi, vaqt o‘tishi bilan esa ular zaxira energiya resurslariga o‘tishlari bilan ularning faoliyati qisman tiklanishi natijasida yo‘qotishlar kamayishi mumkin.

Iste’molchilarning turlari — iste’molchilar turli xil iste’mol rejimlari va elektr uzilishlariga tolerantlikning turli darajasiga ega, shu nuqtai nazardan elektr uzilishidan ko‘riladigan iqtisodiy yo‘qotishlar ham turlicha.

Uzilish vaqti — uzilish iste’molchilarning elektr energiyasi bilan bog‘liq faoliyatining qaysi bosqichida yuzaga kelganligiga (kunduzi yoki tunda, yozda yoki isitish mavsumida va hokazo) qarab yo‘qotishlar ko‘lami farq qilishi mumkin.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida oldindan ogohlantirish — uzilishlar ehtimoli yuzasidan bildirishnomalar qanchalik ertaroq berilsa, yo‘qotishlar darajasi shunchalik past bo‘ladi.

Yuqorida so‘z yuritganimiz — blekautlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy ta’siri va hisoblab chiqish mumkin bo‘lgan zararlari xolos. Ular jamiyat hayotida va iqtisodiyotda bilvosita, o‘lchashning imkoni bo‘lmagan katta yo‘qotishlarga ham sabab bo‘lishi mumkinligi bilan xatarlidir.