O‘zbekiston san’at arbobi, teatr rejissyori, pedagog Jo‘ra Mahmudov 80 yoshida olamdan o‘tdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi.

Jo‘ra Mahmudov Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan.

1971−1994 yillarda O‘sh, Samarqand va Sirdaryo teatrlarida bosh rejissyor bo‘lib ishlagan.

1997- 2002 yillar davomida esa Yosh tomoshabinlar teatrida rejissyor, 1994−1997 yillar Madaniyat ishlari vazirligida yetakchi mutaxassis bo‘lib faoliyat yuritgan.

U faoliyati davomida «Ona», «Qiyomat qarz», «Insonlikka nomzod», «Og‘riq tishlar», «Soxta oqsuyak», «Qayerdasan, jon bolam», «Qirol Lir» va boshqa spektakllarni sahnalashtirgan.

Shuningdek, u «Adolat kuni», «Ovsinlar», «Sohibjamol», «Sadoqat» kabi sahna asarlari, «Osmondan tanga yoqqan kun», «Tomchi», «Alpomish», «Ikkivoy va Beshvoy» kabi kichik tomoshabinlarga bag‘ishlangan ertak-pesalarining ham muallifi hisoblanadi.