2021 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2020 yilga nisbatan 16%ga ko‘paydi va 42,1 mlrd dollarni tashkil etdi, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistondan eksport hajmi 10%ga ko‘payib, 16,611 mlrd dollarga yetdi. Import hajmi esa 20,4% ga ko‘paydi va 25,461 mlrd dollarni tashkil qildi.

Tashqi savdo aylanmasining manfiy tashqi savdo balansi 8,85 mlrd dollarni tashkil etdi — o‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 6 mlrd dollar bo‘lgan edi.

O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari orasida Rossiya (umumiy savdo aylanmasining 17,9%), Xitoy (17,7%), Qozog‘iston (9,3%), Turkiya (8,1%) va Janubiy Koreya (4,5%) davlatlari qolmoqda.

2021 yilda O‘zbekistondan eksportning asosiy qismini sanoat tovarlari (umumiy eksportning 26,1%), oltin (24,7%), xizmatlar (15,3%) va oziq-ovqat tovarlari (8,3%) tashkil etdi.

O‘z o‘rnida, 2021 yilda sanoat tovarlari (ularga to‘qimachilik mahsulotlari, rangli metallar, temir va po‘lat kiradi) eksporti 2020 yilgi eksport hajmiga nisbatan 7%ga o‘sgan. 2020 yilda eksport qilingan oltin hajmi esa 2021 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 13,7% ko‘proq bo‘lgan. Shuningdek, mashinalar eksportining ulushi umumiy eksport hajmida 1,5 marotabaga ko‘payib, 4,2%ga yetgan.

O‘tgan yil davomida O‘zbekistonga importning asosiy qismini mashinalar va asbob-uskunalar importi (32,4%, 2020 yilga qaraganda 5,2%ga kamroq), sanoat tovarlari (18,5%), kimyoviy vositalar (14,3%), oziq-ovqat tovarlari (9,9%) va xizmatlar (6,8%) tashkil etdi.