Toshkent shahrining Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi 20 yanvar kuni bloger Miraziz Bozorovga nisbatan JKning 139-moddasi 3-qismi «g» bandi (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishni boshladi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» jabrlanuvchilar tariqasida Abror Muxtoraliyevich Abduazimov (Abror Muxtor Aliy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi), bloger Shuhrat Musayev, Jahongir Salimov (AbuSolih Fox) va Dmitriy Abdukarimovich Rasulov ko‘rsatilgani haqida yozgandi.

Ochiq sud majlisi soat 11:00 ga belgilangan edi. Biroq, Sarpa ma’lumotlariga ko‘ra, belgilangan vaqtdan 40 daqiqa o‘tib, sud vakili PZR-test natijalarisiz majlislar zaliga jurnalistlar qo‘yilmasligini e’lon qilgan. OAV vakillaridan hech biri bunday talab haqida oldindan ogohlantirilmagan. Shunga qaramasdan, bundan sal avval jurnalistlarning pasport ma’lumotlari binoga kiraverishda ro‘yxatga olingan.

Toshkent sudlari matbuot xizmatining Telegram-kanalida «COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan ushbu sud jarayonida PZR-test ma’lumotnomasiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etishi mumkinligi» haqida xabar (soat 16:37 da) e’lon qilindi. Xabarga ko‘ra, sud majlisiga Miraziz Bozorovning yaqinlari, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va «PZR-test mavjud bo‘lgan boshqa shaxslar» qo‘yilgan.

Jinoyat ishi sudya Sardorbek Sodiqov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Davlat ayblovchisi sifatida Mirobod tuman prokurori katta yordamchisi A.Dadajonov, sudlanuvchining himoyachisi sifatida esa — advokat Sergey Mayorov qatnashmoqda.

Sud tergovi boshlanishidan avval jabrlanuvchilar tomonidan sud majlisida audio, videoyozuv va fotolardan foydalanilmasligi to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritildi. Mazkur iltimosnoma raislik etuvchi tomonidan qanoatlantirildi. Shu bilan birga sud tomonidan taraflar va sud majlisining boshqa ishtirokchilariga sudning ruxsatisiz sud jarayonini ommaviy axborot vositalarida yoritish mumkin emasligi tushuntirildi.

«Gazeta.uz» bilan suhbatda advokat Sergey Mayorov sudya majlisni suratga olish, shuningdek, «sud jarayonini yoritish, izoh berish, chop etish» taqiqlanganini tasdiqladi.

«U buni sudga shu tarzda bosim o‘tkazmaslik zarurligi bilan izohladi», — deya qayd etdi u.

Advokat ta’kidlashicha, agar ushbu talab buzilgudek bo‘lsa, navbatdagi majlisda sudya boshqa ishtirokchilarni kiritmasligi va ishni ko‘rib chiqishni faqat taraflar ishtirokida davom yettirishi mumkin.

Sergey Mayorov shuningdek, o‘zining amaliyotida PZR-test ma’lumotlarisiz sud majlisida qatnashishni taqiqlash bo‘yicha holatga avval duch kelmaganini aytib o‘tdi.

«Mening bilishimcha, bu kabi tartibni hech kim o‘rnatmagan. Bizda shu kabi barcha masalalar — cheklashlar maxsus komissiya darajasida hal etiladi. Bilishimcha, komissiyaning sud majlisiga faqat PZR-test mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘yilishiga oid qarori haqida menda hech qanday ma’lumot yo‘q», — dedi u.

Jabrlanuvchilardan biri Abror Muxtor Aliy «jurnalistlar kiritilmasligini, asli tarafdori emasligi, biroq, aynan mana shu „gomoseksualizm“ targ‘iboti bilan shug‘ullanadigan jurnalistik tashkilotlar ham borligi nuqtai nazaridan» bu qaror to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidladi.

Keyingi sud majlisi 21 yanvar kuni o‘tkaziladi.

IIV bayonotiga ko‘ra, Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi «Hazrati Imom» masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. «Ta’kidlash kerakki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan», — deyilgandi xabarda.