Yuqori iqtisodiy o‘sish dinamikasi fonida joriy yil uchun inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga erishish, narxlar o‘sishini sekinlashtiruvchi va jamg‘arishni qo‘llab-quvvatlovchi pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi, deb xabar berdi MB matbuot xizmati.

Shunga qaramasdan, xabarda bir tomondan inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi va prognozi foiz stavkasini pasaytirish bo‘yicha imkoniyatlarni yuzaga keltirayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarda saqlanib qolayotgan xatarlar hamda noaniqliklar foiz stavkani joriy darajasida qoldirishni taqozo etayotganligi qayd etilgan.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

2021 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlari oraliq maqsadli ko‘rsatkich — target darajasida shakllanib, 10 foizni tashkil etdi.

O‘tgan yil davomida inflyatsion muhitni yuzaga keltirgan asosiy omillar oziq-ovqat va energiya-yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada o‘sishi bo‘ldi. Narxlarning o‘sishi, bir tomondan, global inflyatsion tendensiyalar bilan, ikkinchi tomondan esa, ichki bozordagi raqobat va taklif bilan bog‘liq sabablar bilan izohlanadi.

Shuningdek, bazaviy inflyatsiya darajasi 2021 yil yakunida 8,8 foizgacha pasayib, so‘nggi besh yillikdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

O‘tgan yil dekabr oyi so‘rovlari natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari sentabr-noyabr oylaridagi o‘suvchi tendensiyadan keyin pasayish trendiga o‘tdi hamda mos ravishda 15,7 va 14,9 foizni tashkil etdi.

Ayni paytda, respondentlar tomonidan inflyatsion kutilmalarning asosiy omillari sifatida benzin narxlari qimmatlashishi, transport xarajatlari oshishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va import tovarlari narxining o‘sishi keltirilgan.

Iqtisodiy faollik va yalpi talab

Umuman olganda o‘tgan yil 2020 yildagi keskin pasayishdan keyin iqtisodiyotning qayta tiklanish yili bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi real hisobda 7,4 foizga o‘sdi.

Bunda, iqtisodiyotga yo‘naltirilgan fiskal xarajatlar hamda tijorat banklari kreditlari iqtisodiy va investitsion faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘ldi.

Tijorat banklari tomonidan o‘tgan yilda iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar 2020 yilga nisbatan 31 foizga o‘sgan bo‘lsa, kreditlarning qaytuvchanlik darajasi sezilarli darajada yaxshilanib, 71 foizga yetdi. Shuningdek, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 42 foizga o‘sib, aholining iste’mol va ipotekaga bo‘lgan talabini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

Baholashlarga ko‘ra, 2021 yildagi yuqori fiskal rag‘batlantirishlarning ta’siri 2022 yilda ham saqlanib qoladi va yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiy o‘sish sur’atlari o‘zining uzoq muddatli ko‘rsatkichlariga, ya’ni salohiyatli o‘sish darajasiga yaqinlashadi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

2021 yil oziq-ovqat va yoqilg‘i-energetika narxlari o‘sishi natijasida global inflyatsion jarayonlarning tezlashishi hamda bunga javoban ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi sharoitida shakllandi.

Bunda, dastlab vaqtinchalik deb e’tirof etilgan inflyatsion jarayonlar, yil so‘ngida noaniqliklar va pandemik xatarlar fonida narxlarga uzoqroq muddat davomida bosim yaratishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yil davomida asosiy savdo hamkorlar valyutalarida (Turkiyadan tashqari) yuqori darajadagi tebranishlar kuzatilmagan bo‘lsada, ulardagi inflyatsion jarayonlar keskin tus olgan.

2021 yil yakunlari bo‘yicha so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi 3,4 foizni tashkil etib, so‘nggi uch yillikdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Bunga, 2021 yilda mamlakatimizga eksportdan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining mos ravishda 34 foizdan oshishi, ichki valyuta bozorida valyuta taklifini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, bozordagi umumiy taklif hajmini 1,6 barobarga o‘sishiga xizmat qildi.

Pul-kredit sharoitlari

2021 yil yakuni bo‘yicha pul bozoridagi vaziyat nisbatan qat’iy sharoitlarda shakllanib, «Uzonia» va «Uzwia» indikatorlari o‘rtacha 13 foizni tashkil etdi. Yil davomida pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasi banklararo operatsiyalar hajmining qariyb ikki barobarga oshishi va pul-kredit instrumentlari faolligining keskin o‘sishini o‘zida aks ettirdi.

Umuman olganda, o‘tgan yil davomida likvidlikni tartibga solishda pul-kredit instrumentlarining faollashtirilishi, o‘z navbatida, ular bo‘yicha xarajatlarning va Markaziy bank majburiyatlarining sezilarli oshishiga ham olib keldi.

Banklar tomonidan milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha taklif etilayotgan o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari dekabr oyida jismoniy shaxslar uchun 20,2 foizni, yuridik shaxslar uchun 15,1 foizni tashkil etib, mos ravishda inflyatsion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovut hosil qildi.

Bu o‘z navbatida, so‘mdagi jami muddatli depozitlar hajmining o‘tgan yilda 1,5 barobarga, shundan, jismoniy shaxslarnikini — 1,7 barobarga o‘sishiga xizmat qildi.

2021 yilning so‘nggi oylarida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining ham muvozanatlashuvi kuzatilib, yil boshidan kuzatilayotgan 20−22 foizlik koridor doirasida bo‘ldi.

Xususan, dekabr oyida milliy valyutadagi qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,2 foizni va uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha 20,5 foizni tashkil etdi.

Prognoz va xatarlar

Makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, joriy yilda Markaziy bank tomonidan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi ko‘zda tutilgan.

Global inflyatsiyaning davom etayotganligi sharoitida tashqi bozorlarda xomashyo va energiya resurslari narxlarining o‘sishi, pandemik vaziyat, jahonda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi bilan bog‘liq xatarlar joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasining
8−9 foiz doirasida shakllanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, 2022 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,5−6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda, o‘tgan 2020−2021 yillarda iqtisodiyotga yo‘naltirilgan fiskal rag‘batlantirishlarning 2022 yilning birinchi yarim yilligida ham iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘ladi.

Joriy shakllangan pul-kredit sharoitlari makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlariga muvofiq hisoblanadi va kelgusida inflyatsiya prognozining pasayib borishi bilan real foiz stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirgan holda nominal foiz stavkalarini pasaytirish uchun imkoniyatlar yuzaga kelishi mumkin, deb hisoblaydi MB.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 10 mart kuniga belgilangan.