O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi vazirliklari qoraqalpoq tilidagi «Alipbe» metodik qo‘llanmasi muqovasida xato so‘z qo‘llanilgani yuzasidan munosabat bildirdi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi ma’lumot tarqalgan edi.

Keyinroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lumotda aytilishicha, ushbu masala bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Qayd etilishicha, 1-sinf uchun «Alipbe» darsligini o‘qitish bo‘yicha metodik qo‘llanma (o‘qituvchilar uchun) Sh. Abdinazimov, J.Uspanova, M.Tleuova, N.Saxiyeva va X.Abdijabbarova tomonidan yozilib, 2021 yilning 16 dekabr sanasidaO‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi (XTV) huzuridagi Respublika ta’lim markaziga elektron tarzda topshirilgan.

Lekin metodik qo‘llanmaning muqovasi mualliflarga ko‘rsatilmagan va nashr etish jarayonida ulardan rozilik olinmagan. Aslida esa, darslik va qo‘llanmalar nashrga topshirilish vaqtida Qoraqalpog‘iston XTV huzuridagi Respublika o‘quv-metodika markazi ilmiy-metodik kengashida ko‘rib chiqilishi va nashriyot tomonidan so‘nggi (signal) nusxasi tasdiqlash uchun berilishi lozim.

«Colorpak nashriyoti tomonidan 1-sinflar uchun «Alipbe» darsligini o‘qitish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmasining (o‘qituvchilar uchun) muqova varog‘ida «Әlipbe metodikalыq qollanba» («Alipbe» uslubiy qo‘llanma) so‘zi o‘rniga «Әlipbe usilikalыq qollanba» («Alipbe» usulikalik qo‘llanma) so‘zi bilan 1056 donada bosib chiqarilgan va «Transport va logistika xizmati» davlat unitar korxonasining Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga tarqatilgan.

Qoraqalpog‘iston XTV e’lon qilishicha, bugungi kunda xato bilan bosib chiqarilgan kitoblar qayta yig‘ib olinib, uslubiy qo‘llanmalarning muqovasini almashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Vazirlik huzuridagi ta’lim markazining maktab darsliklarini, uslubiy qo‘llanmalarni yozish va nashrga tayyorlash hamda nashr etish faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

O‘zbekiston XTV matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, xatolikka pandemiya sharoitida aksariyat darsliklarni ijodkorlari bilan masofadan turib ishlangani sabab bo‘lgan.

«„Alipbe“ darsligi uchun metodik qo‘llanma muqovasida „Usilikaliq qollanba“ yozuvining chop etilishi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilib, qo‘llanma muqovasida xatolik ketgani, ammo uning kirish varag‘ida hamda qolgan o‘rinlarda to‘g‘ri, ya’ni „Metodikaliq qollanba“ tarzida berilgani aniqlandi», — deydi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov.

Ko‘rilgan choralar natijasida «Alipbe» darsligi uchun metodik qo‘llanmalar xatolikni bartaraf etish maqsadida o‘qituvchilardan qaytarib olingan. Bugungi kunda qo‘llanmadagi xatolikni tuzatish ishlari olib borilmoqda. Qo‘llanmaning tuzatilgan talqini yangi o‘quv choragiga qadar o‘qituvchilarga yetkazilishi ta’minlanadi. Barcha xarajatlar mas’ul nashriyot tomonidan qoplab beriladi.

«2021 yilning mart oyida mazkur markazga xat bilan murojaat qilinib, qoraqalpoq tilidagi yangi avlod darsliklarini yaratishda malakali mualliflar, tarjimon hamda muharrirlarni jalb qilish so‘ralgan. 2021 yil mobaynida Markaz tomonidan umumta’lim maktablarining barcha sinflari uchun 326 nomdagi o‘quv-metodik adabiyotlarning maketlari tayyorlandi. Shulardan 61 nomdagisi qoraqalpoq tilidagi o‘quv adabiyotlaridir», — deydi Respublika ta’lim markazi direktori.

O‘zbekiston XTVning ta’kidlashicha, «ko‘rilgan tezkor choralar natijasida 748 nusxadagi „Alipbe“ darsligi uchun metodik qo‘llanma xatolikni bartaraf qilish maqsadida o‘qituvchilardan qaytarib olingan». Bugungi kunda qo‘llanmadagi xatolikni tuzatish ishlari olib borilmoqda. Qo‘llanmaning tuzatilgan talqini yangi o‘quv choragiga qadar o‘qituvchilarga yetkazilishi ta’minlanadi. Barcha xarajatlar mas’ul nashriyot tomonidan qoplab beriladi.

Darsliklar va o‘quv metodik majmualarni chop etish ishlari qonunchilikda belgilangan tartibda tender savdolarida g‘olib bo‘lgan bosmaxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Ochiq tarzda o‘tkaziladigan bunday tanlovlarda Qoraqalpog‘istonda qonuniy faoliyat olib boruvchi nashriyotlarning ishtirok etishlari cheklanmagani qo‘shimcha qilingan.