Toshkent shahrining 12 ta tumanida 1 tadan maxsus kovid-poliklinikalari faoliyat boshladi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Ko‘p tarmoqli klinikalar koronavirus bo‘yicha salbiy holatlarning oldini olish, xususan, koronavirus infeksiyasi aniqlangan, biroq xastalik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish, ularga ambulator va uyiga borgan holda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ishga tushirildi.

Tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi yaqin bo‘lgan 4 ta dispanser hamda 8 ta oilaviy poliklinika binosida ish boshlagan mazkur muassasalar aholiga har kuni 24 soat davomida xizmat ko‘rsatadi. Har bir muassasaga shifokorlar bilan bir qatorda, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining yetakchi mutaxassislari ham jalb qilinadi.

«Bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, PZR-test, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan ta’minlangan», — deyiladi xabarda.

Murojaat qilgan bemorlar og‘irlik darajasiga ko‘ra saralanib, ahvoli yengil fuqarolarga uyda davolanishlari uchun zarur tavsiya va koronavirusga qarshi dori-darmonlar bo‘lgan «COVID-box"lar beriladi. Bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan maxsus shifoxonaga yuboriladi.

Ushbu poliklinikalar quyidagi manzillarda joylashgan:

  1. Bektemir tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi — Bektemir tumani, Vodnik dahasi, 75-uy;
  2. 5-sonli Ftiziatriya dispanseri — Mirobod tumani, 8-mart ko‘chasi, 58-uy;
  3. 23-son oilaviy polikinika «Birlik» filiali — Uchtepa tumani, Chakmoniy ko‘chasi, 14-a uy;
  4. 1-son Ftiziatriya dispanseri — Mirzo Ulug‘bek tumani, A. Yugnakiy mavzesi, 15-a uy;
  5. 58-son oilaviy poliklinika — Yakkasaroy tumani, A.Qahhor ko‘chasi, 44-uy;
  6. 11-son oilaviy poliklinika — Sergeli tumani, Choshtepa ko‘chasi, 147-uy;
  7. 3-son Ftiziatriya dispanseri — Olmazor tumani, Usta Shirin ko‘chasi, 1-berk, 3-uy;
  8. Toshkent shahar ftiziatriya va pulmonologiya markazi — Chilonzor tumani, Lutfiy 7, 33-uy, 1-xonadon;
  9. 4-son ftiziatriya dispanseri — Yunusobod tumani, 3-tor, Niyazbek yo‘li, 6-uy;
  10. 42-son oilaviy poliklinika — Shayxontohur tumani, Taxtapul ko‘chasi, 14-a uy;
  11. 2-son ftiziatriya dispanseri — Yashnobod tumani, Murg‘ob ko‘chasi, 93-uy;
  12. Toshkent shahar teri-tanosil dispanseri — Yangihayot tumani, Yo‘ldosh 7, 23-uy.

Bundan tashqari, koronavirus kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali olib borish maqsadida poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli va 66 ta oilaviy poliklinikalarda maxsus mobil brigadalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, maxsus poliklinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida juma sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev tunda «tez yordam» faoliyatini o‘rganish chog‘ida tilga olingandi. Bundan oldin O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni ketma-ket yettinchi kun o‘sgani xabar qilingandi.