O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘istonning yangi tayinlangan bosh vaziri Alixan Smailov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati.

Abdulla Aripov Alixan Smailovni Qozog‘iston bosh vaziri etib tayinlangani bilan samimiy tabrikladi.

Suhbat davomida oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni birgalikda izchil amalga oshirish, ochiqlik, an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan ko‘p qirrali strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishni davom ettirish ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabarida Qozog‘iston avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga e’tibor qaratayotgani qayd etilgan.

«Qozog‘iston hukumati qardosh O‘zbekiston Respublikasi bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirishga qat’iy sodiq qoladi. Ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ahdimiz qat’iy. Ishonchim komilki, ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi doirasida belgilangan rejalar birgalikdagi sa’y-harakatlar asosida amalga oshiriladi», — deya ta’kidlanadi Alixan Smailov bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev Asqar Mamin iste’foga chiqqanidan keyin hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi Alixon Smailovni mamlakat bosh vaziri etib tayinlagandi. Qozog‘istonda 2 yanvar kuni boshlangan tartibsizliklar ortidan 5 yanvar kuni mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Tokayev hukumat iste’fosini qabul qilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Qozog‘istonning eng yirik savdo sheriklaridan biri bo‘lib, Markaziy Osiyodagi barcha mintaqaviy savdoning qariyb 70% O‘zbekiston va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. 2021 yilning 10 oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,26 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu 2020 yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘p.