Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev mamlakat parlamenti majlisida nutq so‘zladi.

U ikki kundan keyin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti tinchlikparvar kontingentini bosqichma-bosqich olib chiqish boshlanishini ma’lum qildi.

«KXSHT tinchlikparvar kuchlarining asosiy missiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Ikki kundan keyin bosqichma-bosqich olib chiqish boshlanadi. Kontingentni olib chiqish jarayoni 10 kundan ortiq davom etmaydi», — dedi prezident. Shuningdek, u aksilterror maxsus operatsiyasi o‘tkir bosqichidan o‘tganini aytdi.

Davlat rahbari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari o‘z vaqtida terrorchilik tahdidining oldini olish bilan shug‘ullanmaganini ta’kidladi.

«Jamiyatimizning hamjihatligini qat’iyatli ravishda, jumladan professional tarzda ishlab chiqilgan ssenariylarga asoslangan norozilik aksiyalari orqali zaiflashtirishdi. Radikal choralarning aniq ishtirokchilari yashirin tarzda tayyorlandi», — dedi u.

«Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakolatli organ sifatida bu qo‘poruvchilik ishiga aniq baho bera olmadi va berishni ham xohlamadi. Milliy xavfsizlikka jiddiy tahdidni ko‘ra olmadi. Hujumlar tashkilotchilarini har qanday holatda ham paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan imkoniyatni topishgina to‘xtatib turgan edi», — dedi Qasim-Jomart Tokayev.

Mamlakatga qarshi terrorchilik urushi boshlandi, dedi u yana. «+okimiyatni egallab olishga tayyorgarlik ustida professionallar ish olib bordilar… Tushunish kerak: qaror qabul qilingan vaqtda [KXSHTga yordam so‘rab murojaat qilish] biz terrorchilarga xarobaga aylantirish uchun berilgan Olmaota ustidan nazoratni butunlay yo‘qotishimiz mumkin edi. Olmaotadan ayrilsak, poytaxtni ham, keyin esa butun mamlakatni yo‘qotgan bo‘lardik», — dedi davlat rahbari.

Qasim-Jomart Tokayev Olmaota politsiya departamenti binosini egallab olmoqchi bo‘lgan banditlardan ketma-ket ikki kecha himoya qilgan politsiyachilarning jasoratini qayd etdi.

Shu bilan birga, prezident hamma ham o‘z burchiga sadoqatli emasligini ta’kidladi. «Qator shaharlarda milliy xavfsizlik boshqarmalari rahbarlari yetarlicha harbiy arsenalga ega bo‘lishlariga qaramay, jangovar harakatlarga kirishmay, xizmat binolarini tark etib, u yerda qurol-yarog‘ va maxfiy hujjatlarni qoldirib ketishgan», — dedi davlat rahbari.

Avvalroq prezident Qasim-Jomart Tokayev mamlakat oy avvalida boshidan kechirgan inqiroz mustaqillikning 30 yillik tarixidagi eng og‘iri bo‘lgani, bu jangovar harakatlarning barchasi bir markazdan muvofiqlashtirilganini ma’lum qilgan edi. Davlat rahbari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisalarda 16 nafar huquq-tartibot xodimi halok bo‘lgan, 1300 dan ortiq kishi jarohatlangan. Tinch aholi orasida ham qurbonlar bor, aniq soni aniqlashtirilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 1270 ta tadbirkorlik subyekti zarar ko‘rdi. 100 dan ortiq savdo markazlari va banklar talon-toroj qilindi, politsiya mashinalariga zarar yetkazildi va 500 ga yaqin texnika yoqib yuborildi.