Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati YPX inspektorlarini ko‘proq «protokol» tuzishga majburlamoqda, deya xabar qildi Nasafnews sayti.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, shaxsi sir tutilishini so‘ragan bir guruh inspektorlar Qashqadaryo YHXB rahbariyatining ayrim xatti-harakatlari mehnat qonunchiligiga zid ekanini aytgan.

«Inspektorlarga yarim tunda, navbatchilik qilish bilan birga uyma-uy yurib, qarzdorlik undirish vazifasi ham yuklanmoqda. Har birimiz bir kunda 20 ta bayyonoma tuzmasak, rahbariyat kech soat 23:00da „razbor“ qiladi. Biz ham odam. Bizda ham oila bor. Uyimizga, bolalarimiz oldiga borgimiz keladi. Lekin qo‘yilgan yuklamalarni bajaraman deb uyga yarim tun soat 3 va 4 ga kirib kelamiz», — deydi inspektorlardan biri.

Inspektorlarning so‘zlariga ko‘ra, topshiriqlar asosan viloyat YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Shahriddin Qo‘shoqov tomonidan beriladi. Nasafnews uning ovozi ekani taxmin qilinayotgan shaxs topshiriqlari audiosini e’lon qildi.

«Har bir xodim 20 tadan „protokol“ [rasmiylashtirishi kerak]. Qo‘pol, qo‘pol emas — har holat bo‘yicha protokol. 20 tadan kam bo‘lmasin», — deyiladi yozuvda.

Audioning boshqa qismida erkak kishi rahbariyat topshirig‘i bo‘yicha mast holda mashina haydaganlik uchun har kuni bittadan protokol tuzish kerakligini ta’kidlaydi.

«O‘zingiz bilasiz, bizda alkotester yo‘q. Hozir pandemiya vaqti bo‘lsa, biror bir kasal yuqtirib olsak nima bo‘ladi? Mana hozir tungi soat 22:58 dam olish kuni, hali javob bo‘lgani yo‘q», — deya qo‘shimcha qiladi yana bir inspektor.

Yana bir xodim esa prezident tomonidan berilayotgan 10% bayonnoma puli ham to‘xtatilib qo‘yilgani, xizmat avtomashinalariga benzin berilmayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston IIV JXD YHXX matbuot xizmati mazkur xabar yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qildi.

Bu birinchi holat emas

2020 yil yozida «Gazeta.uz» poytaxtning Olmazor tumani IIB xodimi Farrux Xolov rahbariyatning noroziligiga ishora qilib, profilaktika inspektorlarini ma’muriy bayonnomalar soni kamligi uchun tanqid qilgani haqida xabar bergan edi. Audioyozuv paydo bo‘lganidan so‘ng u shu yo‘l bilan inspektorlardan huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali bo‘lishini talab qilganini aytdi.

O‘tgan yilning 9 noyabr kuni sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov Farg‘ona viloyati Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari ustidan shikoyat qilib, ichki ishlar vaziriga videomurojaat yo‘lladi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari profilaktika inspektorlarini qurilish materiallarini olib berishga majburlagani, ulardan har kuni 55 ming so‘mlik «o‘rta fond» undirayotgani, bittadan mashinani jarima maydoniga joylashtirish, beshtadan mashina uchun jarima dalolatnomasi tuzishni majburiy reja qilib bergani qayd etildi. Murojaatda boshliq o‘rinbosarining boshqa «noqonuniy xatti-harakatlari» haqida ham so‘z yuritilib, ularga «yuqori tuzilmalarda hech qanday javob berilmagani» qayd etildi.

12noyabr kuni Namangan shahar IIO FMB 2-sonli profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev ham IIV rahbariga murojaat qilib, IIB boshlig‘i inspektorlarni har kuni beshtadan ma’muriy bayonnoma tuzish, bir yilda 2 ta ma’muriy nazorat o‘rnatish kabi talablarni reja qilib belgilab berganini ma’lum qildi. Rejani bajarmagan xodimlar «ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilingan yoki reja bajarilganini belgilab qo‘yishi uchun Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Inomov Boburga 50 dollar berish taklif qilingan»,

Dekabr oyida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida profilaktika inspektorlari fuqarolarga nisbatan «mayda bezorilik» va «jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’mol qilganlik» uchun bayonnomalar tuzish rejasi ustidan shikoyat qildi. IIB boshlig‘i Olim Sobirov rejaning majburiy ekanligini inkor etdi, lekin xodimlarga ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilganini, «kabinetlarida uxlamasliklari»ni tan oldi.