Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) Qozogistonga Kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi. Bu haqda KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi, Armeniya Respublikasi bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘zining Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

«Qozog‘iston Respublikasi milliy xavfsizligi va suverenitetiga, shu jumladan, tashqi aralashuvi yo‘li bilan tahdid munosabati bilan, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi Kollektiv xavfsizlik shartnomasining 4-moddasiga muvofiq, ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarini cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborishga qaror qildi», — deb yozdi u.

U mazkur qaror Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning murojaati bilan qabul qilinganini qayd etdi.

Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatdagi tartibsizliklarni xalqaro terroristik agressiv harakat deb atab, KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlaridan yordam so‘ragandi. Shuningdek, u aksilterror operatsiya boshlanganini ma’lum qildi va Olmaotada aeroport qo‘lga olinganini tasdiqlagandi.