O‘zbekiston Rossiyaga tabiiy gaz eksportini qayta tiklashni rejalashtirmayapti, deb «Gazeta.uz»ga Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Koronavirus pandemiyasi ta’siri doirasida Rossiyaga gaz eksportini to‘liq to‘xtatish hamda Xitoyga yetkazib berishni uch barobar qisqartirish 2020 yilning iyulidayoq ma’lum qilingandi.

«Hozirgi vaqtda Rossiyaga gaz eksporti amalga oshirilmayapti va 2022 yil uchun rejalarda ham yo‘q», — deya qayd etishdi vazirlikda.

2018 yilda O‘zbekiston «Gazprom»ga 3,8 mlrd kubometr gaz yetkazib berdi, 2019 yilda esa ta’minotni 4,9 mlrd kubometrgacha ko‘paytirdi. 2020 yilga kelib esa gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.

Bundan tashqari, «Gazprom» 2020 yildan boshlab O‘zbekistonga turkman gazini yetkazib berishni boshladi: 2020 yilda 0,9 mlrd kubometr yetkazilgan, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning birinchi choragida esa — 1,5 mlrd kubni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda bosh vazir Abdulla Aripov tabiiy gazni eksport qilishni to‘xtatilishini ma’lum qilgandi. Hukumat rahbari 2025 yilga borib tabiiy gazni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralari ko‘rilishini bildirgandi.

Hozir O‘zbekistondan gaz eksportining deyarli barchasi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. «Interfaks» XXR bojxona ma’lumotlariga tayanib, 2020 yilda 3,277 mlrd kubometr gaz eksport qilingan, bu ko‘rsatkich 2021 yilning 10 oyida yarmidan ko‘proqqa oshib — 4,02 mlrd kubometrni tashkil etgan.

Davlat statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 11 oyida eksport hajmi 684,8 mln dollarni (noyabrning o‘zida — 88 mln dollar) tashkil qilgan, bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 48,1 foizga ko‘p.