Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodir Erkayev rasman dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani aytilmoqda.

Bloger Otabek Artikov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari telegramdagi guruhlardan birida yozgan gaplari aks etgan suratni e’lon qildi.

Unda Nodir Erkayev «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerakligi» haqida yozgan.

«Allaqachon, 2 kun yo‘qotdinglar, yana bir marta qaytaraman, hamma ertadan mahallada xatlovni boshlasin. Men kecha Qarshi shahar Arabxona mahallasiga, bugun Koson tumani Natibaland va Toshko‘prik mahallasiga borib, hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishdim, juda e’tirozlar qildim, faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdim. Hamma shu 3 ta mahalla hokim yordamchilariga nomzodlar bilan nima e’tiroz bildirganimni gaplashib olsin. Ertaga Qamashi tumanidagi hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishaman», — deya davom etgan u.

3 yanvar kuni Qamashi tumani hokimligi matbuot xizmati mazkur xabarni tasdiqlovchi postni e’lon qildi. Unda «viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev Oqrabod va Ko‘kabuloq mahallasi hududida hokim yordamchilari ishtirokida aholi xonadonlarida bo‘lgani» qayd etilgan.

Foto: Qamashi tumani hokimligi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, hokim yordamchilarining ish faoliyatini boshlashi oldidan amaliy seminar o‘tkazilgan hamda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning dekabr oyi oxirlaridagi farmoni bilan ish haftasidan qat’iy nazar (haftasiga 6 kun ishlaydiganlar ham) barcha xodimlar Yangi yil bayrami munosabati bilan 5 kun (31 dekabrdan 4 yanvargacha) dam olishi belgilangan edi.

18 noyabr kuni Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi v.b lavozimiga o‘tishi munosabati bilan uning o‘rniga Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Nodir Erkayev 2021 yilning 29 aprel kuni Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. U mazkur lavozimda aprel boshida prezident boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishida ishdan olingan O‘tkir Bo‘tayevning o‘rnini egallagandi.

Eslatib o‘tamiz, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi harakatlari zoye ketgan.