Adliya vazirligi 2017−2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish muddati tugaganligi munosabati bilan «Yangi O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasini ishlab chiqdi.

Hujjat Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi asosida ishlab chiqilgan va 14 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Taklif etilayotgan Taraqqiyot strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi — Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlashda kelgusi 5 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan.

Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga YAIMni — 1,6 baravarga — taxminan 3 ming AQSh dollaridan ko‘proqqa oshirish maqsad qilingan. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich taxminan 1,9 ming dollarga teng.

Shu bilan birga, 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish uchun zamin yaratish ko‘zlangan.

Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va yillik inflyatsiya darajasini 2023 yilgacha bosqichma-bosqich 5 foizgacha pasaytirish reja qilingan. Hozirda 9,98 foizga teng.

Qolaversa, Davlat budjeti тақчиллиgiни 2023 yildan YAIMga nisbatan 3 foizdan oshib ketmasligini ta’minlash maqsad qilingan, hozirda u 6 foiz atrofida.

Davlat qarzini boshqarishda yiliga yangi jalb qilingan tashqi qarz miqdori 4,5 mlrd dollardan oshib ketmasligini ta’minlash ham rejada bor. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu yerda faqat davlat qarzi nazarda tutilmoqda, davlat va davlat nazorati ostidagi korporatsiyalraning qarziga chegaralar qo‘yilmagan.

2026 yilga qadar eksport hajmlarini 30 mlrd dollarga yetkazish ko‘zlangan, hozirda ushbu ko‘rsatkich 16 mlrd dollar atrofida.

Bundan tashqari, kelgusi 5 yillikda ishsizlik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish (hozir 9,5% atrofida), kambag‘allikni kamida 2 baravarga qisqartirish (hozir taxminan 15 foiz), soliq yuklamasini yalpi ichki mahsulotning 25 foizi darajasiga kamaytirish (hozir 30%) maqsad qilingan.