Vazirlar Mahkamasi, vazirlik (idora)larning ayrim vakolatlari ta’lim muassasalariga o‘tkaziladi. Bu prezidentning 24 dekabrdagi tegishli qarorida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, quyidagi vakolatlar OTMlarga berilmoqda:

  • chet el fuqarolari o‘qishini xorijdan davlat OTMlariga ko‘chirish;
  • qabul komissiyalari tarkibi, imtihon fanlarini tasdiqlash;
  • amaliyot o‘tashni tasdiqlash;
  • kiyim-boshga doir talablarni belgilash.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil yakunigacha barcha davlat OTMlarning o‘quv adabiyotlari to‘liq elektronlashtiriladi va yagona “Elektron kutubxona” platformasi ishga tushiriladi. OTMlarda hisobotlarni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechiladi va Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi ham bosqichma-bosqich o‘zgaradi.

Xususan, 1 bosqichda — 2022 yil 1 martgacha quyidagilar joriy qilinadi:

  • “O‘quv jarayonini boshqarish” qismi (davomat, o‘zlashtirish qaydnomasi va reyting daftarchasi, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari raqamlashtiriladi);
  • “Ilmiy jarayonni boshqarish” qismi;
  • “Ma'muriy jarayonni boshqarish” qismi;
  • “Moliya-xo‘jalik faoliyatini boshqarish” qismi;

2 bosqichda — 2022 yil 1 maygacha:

  • “Ta'lim sifatini nazorat qilish” qismi joriy qilinadi;

Avvalroq 1 yanvardan 35 ta davlat oliy ta’lim muassasiga moliyaviy mustaqillik berilishi, jumladan OTMlar to‘lov-kontrakt miqdori va muddatini, mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish hamda o‘z hisobidan talabalarga stipendiya va grantlar ajratishni mustaqil belgilashi haqida xabar berilgandi. 2023 yildan esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu ro‘yxatni kengaytirish huquqi beriladi.