«Tolibon» Afg‘oniston universitetlari mablag‘ yetishmasligi sababli yopiqligicha qolishini ma’lum qildi

Afg‘onistondagi oliy ta’lim muassasalari iqtisodiy inqiroz tufayli yopiqligicha qolmoqda. Bu haqda 27 dekabr kuni TASS xabar berdi.

«Universitetlarni ochish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Kadrlar tayyorlash boshlanishidan oldin universitetlarni moliyalashtirish, qizlar uchun maxsus o‘quv xonalari ochish va ular uchun o‘qituvchilarni jalb qilish masalalarini hal qilish kerak», — deya ta’kidlagan «Tolibon» tomonidan tayinlangan oliy ta’lim vaziri Abdul Boqiy Haqqoniy.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ta’lim jarayoni jinsga bog‘liq bo‘ladi: o‘g‘il bola talabalarga erkak o‘qituvchilar, qiz talabalarga esa ayol o‘qituvchilar dars beradi. Qizlar va yigitlar alohida o‘qiydi. Shu bilan birga, vazir birinchi navbatda koronavirus pandemiyasi, so‘ngra Afg‘onistondagi hukumat o‘zgarishi sababli ta’lim sohasi eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri ekanini tan oldi.

Shuningdek, Afg‘oniston hukumati haydovchilarga mashinada musiqa yoqmaslik, shuningdek, ayollarni hijobsiz olib yurmaslik haqida yozma ko‘rsatma berdi. Bundan tashqari, ayollarni uzoq masofaga hamrohsiz olib yurish ham taqiqlanadi.


Hindiston yanvar oyidan 15 yoshdan oshgan o‘smirlarni emlashni boshlaydi

Hindistonda 3 yanvardan boshlab 15 yoshdan oshgan o‘smirlar koronavirusga qarshi emlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, deya ma’lum qildi mamlakat bosh vaziri Narendra Modi. Mamlakatda 10 yanvardan xavf guruhidagi odamlarga revaksinatsiya qilishga ruxsat beriladi. Vaksinaning kuchaytiruvchi dozasi tibbiyot xodimlari va qariyalar uchun mavjud bo‘ladi.

«3 yanvardan boshlab 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar emlash huquqiga ega bo‘ladi. Bu bizga maktabga borayotgan farzandlarimizni himoya qilishda yordam beradi va ularning ota-onalariga ham yordam beradi», — dedi bosh vazir. Shuningdek, Narendra Modi tez orada Hindistonda burun orqali koronavirusga qarshi vaksina va dunyodagi birinchi DNK vaksinasi taqdim etilishini aytdi — Kommpersant’.


Yamandagi isyonchilar Saudiya Arabistoniga 400 dan ortiq raketalar uchirdi

Yamanning «Ansor Alloh» isyonchi harakati (hutilar) tarafdorlari Saudiya Arabistoni tomon 400 dan ortiq ballistik raketa otdi. Bu haqda 26 dekabr kuni Ar-Riyod boshchiligidagi arab koalitsiyasi qo‘mondonligining rasmiy vakili polkovnik Turki al-Malikiyga tayanib TASS xabar berdi.

«Hutilar qirollik hududiga 430 ta ballistik raketa uchirdi», — dedi al-Malikiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, hutilar Saudiya Arabistoniga havo hujumlarida 850 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan. Al-Malikiyning so‘zlariga ko‘ra, isyonchilar «Ansor Alloh» nazorati ostidagi Sano shahridagi xalqaro aeroportdan raketalar va minalangan uchuvchisiz samolyotlarni uchirish uchun foydalanadi.

Bundan tashqari, arab koalitsiyasi vakili ta’kidlaganidek, Yaman harakati tarafdorlari Qizil dengizdagi obyektlarga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan 100 ga yaqin qayiqlarni jo‘natgan. «Ularning barchasi koalitsiya kuchlari tomonidan yo‘q qilingan», — dedi al-Malikiy.


Tailand poytaxtida yangi yil tadbirlari koronavirus sababli bekor qilindi

Bangkok hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurash doirasida barcha ommaviy Yangi yil bayramlarini bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda Interfaks xabar berdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, xususiy tashkilotlarga bayram tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat berilgan. Biroq faqat bir qator qat’iy choralar, xususan, karantin qoidalariga rioya qilgan holda bayramni nishonlash mumkin. Bunday tadbirlar ishtirokchilari, shuningdek, 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkazilgan COVID-19'ga qarshi salbiy testni taqdim etishlari kerak.

Tailandda Yangi yil arafasida 2,5 mingta yangi koronavirus infeksiyasiga chalinish holati aniqlandi, 22 kishi COVID-19 oqibatlaridan vafot etdi. Pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 2,1 milliondan ortiq fuqarolarda koronavirus holati qayd etilgan.


Braziliyada ikki to‘g‘on yorilishi oqibatida bir necha shaharlarda suv toshqinlari kuzatildi

Braziliyada bir necha hafta davom etgan kuchli yomg‘ir allaqachon to‘la boshlagan daryolardagi suv sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda Baiya shtatidagi ikkita to‘g‘on yorilib, atrofdagi shaharlarni suv bosdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Itabuna shahrida aholi qo‘shnilarga oziq-ovqat yetkazib berish uchun sollar va kanoelardan foydalanmoqda. Noyabr oyi boshidan beri Baiyada toshqinlar kamida 18 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Minglab odamlar suv toshqini kutilayotgan 67 shaharlarning ba’zilaridan ko‘chirildi.