Buyuk Britaniyaning Metito Utilities Limited kompaniyasi «Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish» loyihasi bo‘yicha tegderda g‘olib bo‘ldi. 23 dekabr kuni tender natijalarini e’lon qilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Tenderning 1-bosqichida loyihaga qiziqish bildirgan 23 ta xorijiy kompaniyaga dastlabki malakani baholash (RFQ) shartlari yuborildi. Jarayonning 2-bosqichida Buyuk Britaniyaning Metito Utilities Limited kompaniyasi hamda Niderlandiyaning Almar Water Solutions BV konsorsium kompaniyasi ishtirok etdi.

Taklif etilgan moliyaviy takliflarga ko‘ra, erkin foydalanganlik uchun Metito Utilities Limited kompaniyasi tomonidan 97,5 mlrd so‘m va «Almar Water Solutions BV» konsorsium kompaniyasi tomonidan 103,1 mlrd so‘m taklifi bildirdi.

20 dekabr kuni mazkur loyiha bo‘yicha idoralararo tender komissiyasi tomonidan Metito Utilities Limited kompaniyasi moliyaviy takliflar bo‘yicha yillik erkin foydalanganlik uchun to‘lovning eng past narxini, ya’ni yillik to‘lov 9 mln dollar taklif etgan va xalqaro tender g‘olibi deya topilgan.

Loyihaning qiymati 90 mln dollarga baholanmoqda. Shartnoma muddati esa 25 yil, shundan dastlabki 2 yili qurilish davri etib belgilandi. Loyiha doirasida quvvati sutkasiga 100 ming metr kub oqova suvlarini tozalashga mo‘ljallangan inshootni va 7,5 km uzunlikdagi oqova suv tarmoqlarini qurish nazarda tutilgan.

Metito Utilities Limited kompaniyasining asosiy aksiyadorlari Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Yaponiyaning Mitsubishi korporatsiyasi va uning sho‘ba korxonasi Mitsubishi Heavy Industries hisoblanadi.