Qozog‘iston O‘zbekistondan kelayotgan tovarlarga nisbatan cheklov choralarini qo‘llamaydi. Bu haqda LS mamlakat Savdo va integratsiya vazirligiga tayanib xabar qildi.

Vazirlik tahliliga ko‘ra, O‘zbekistondan asosan sabzavot, meva-cheva, zavodlar uchun xomashyo, avtomobillar keltiriladi. Qozog‘iston ularning yetkazib berilishidan manfaatdor.

«Ushbu tovarlarga nisbatan qandaydir chora-tadbirlarning kiritilishi, birinchi navbatda qozog‘istonlik iste’molchilar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, bugungi kunda ushbu mamlakatlardan import tarkibiga asoslangan javob choralarini joriy etishning iloji yo‘q», deb tushuntirdi Savdo vazirligidan.

Spot xabariga ko‘ra, qarshi choralar — xususan, O‘zbekistondan tovarlar olib kirish uchun bojlar joriy etish 2020 yilning sentabrida talab qilingan. Bu tashabbus o‘zbek tovarlari kontrabandasidan shikoyat qilgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish chorasi sifatida izohlangan edi.

LS vazirlikka tayanib, O‘zbekiston boshqa pozitsiyada ekanini ta’kidlaydi, chunki u yerda «Qozog‘istonga nisbatan bir qator cheklovlar amal qilgan yoki amal qilishda davom etmoqda».

«O‘zbekiston MDH davlatlari, jumladan, Qozog‘iston bilan o‘zaro savdoda 1993 yildagi tovarning kelib chiqish qoidalarini qo‘llaydi. Ular Qozog‘iston eksportchilari tomonidan tovarlarni yetarli darajada qayta ishlash uchun qattiqroq va ba’zan bajarib bo‘lmaydigan mezonlarni nazarda tutadi», — deya tushuntirdi Savdo vazirligi LS nashriga.

2009 yilgi qoidalar «tovarlarni yetarli darajada qayta ishlash uchun yanada moslashuvchan va odatda bajarish mumkin bo‘lgan mezonlarni sanab o‘tadi».

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa to‘siqlardan biri O‘zbekistonda o‘z mahsulotlarini qayta ishlash rivojlangani tufayli g‘alla va unga nisbatan noteng imkoniyatlarning mavjudligidir. 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonga don yetkazib berish uchun boj undirilmaydigan bo‘ldi, biroq un importi uchun boj 10 foizni tashkil etadi (lekin keyinroq 2021 yil oxirigacha bekor qilindi).

Shu bilan birga, O‘zbekiston ayrim cheklovlarni olib tashladi. Xususan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlatlar, jumladan, Qozog‘istondan 73 ta tovar importiga aksiz solig‘i bekor qilindi.

Natijada, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida qozog‘istonlik eksportyorlar importga aksiz solig‘i solinadigan 137 mln dollarlik 87 ta mahsulot (bug‘doy, neft mahsulotlari, mis rudalari, qoramol, po‘lat prokat) yetkazib berdi. Natijada Qozog‘istondan O‘zbekistonga aksiz to‘lanadigan tovarlar eksporti 72 foizga oshgan.

2020 yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga eksport hajmi 2,1 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 6,9 foizga ko‘pdir. Import esa 44,8 foizga qisqarib, 783,1 million dollarni tashkil qildi. Joriy yilning 11 oyi davomida O‘zbekistondan Qozog‘istonga eksport hajmi 1,05 mlrd dollarga, import esa 2,48 mlrd dollarga oshgan.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga asosan bug‘doy, neft xomashyosi, neft mahsulotlari, qotishmagan po‘latdan yarim tayyor mahsulotlar, yengil avtomobillar, un, qayta ishlanmagan alyuminiy, qotishmagan po‘latdan yassi prokat, sement yetkazib beriladi.

O‘zbekiston qo‘shni davlatga yengil avtomobillar, meva-sabzavot mahsulotlari, tabiiy gaz, etilen polimerlari eksport qiladi.

Dekabr oyi boshida O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari o‘rtasida umumiy qiymati 5,9 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi. «Navoiy» EIZ hududida nasos va elektr jihozlarini ishlab chiqarishni tashkil etish hamda Qozog‘istonda Chevrolet Nexia avtomobillarini kichik uzelli yig‘ish usulida sanoat yig‘ish bo‘yicha kelishuvlar shular jumlasidandir.