Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov 21 dekabr kuni Senat qo‘mitasining yig‘ilishida O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimi qachon ishga tushishini ma’lum qildi.

Prezident farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan edi.

Akmal Burxonovning aytishicha, qonun loyihasi allaqachon xorijiy va mahalliy ekspertlar, qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

«Qonun loyihasi tayyor bo‘lgan. Xuddi shunaqa [korrupsionerlar] reyestrida bo‘lgani kabi, ayrim vazirlik va idoralarda ikki-uch masala bo‘yicha e’tirozlar bo‘ldi. Kelishuv bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzdik. [Kelishuv] yakuniga yetishi bilan loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘yamiz», — dedi u.

Agentlik rahbari deklaratsiya tizimiga o‘tish cho‘zilib ketmasligiga ishontirdi.

«Biz bu bo‘yicha texnik, tashkiliy ishlarni boshlab yuborganmiz. To‘g‘risini aytsam, bunday tizimni yaratish va texnik topshiriqni yaratish uchun kamida besh-olti oy vaqt ketar ekan, lekin biz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan tezlashtirishni iltimos qildik. sentabr oyida iltimos qilgandik, noyabr oyi oxirida bizga ijobiy xulosasini berishdi — texnik topshiriq tayyor. Ya’ni texnik jihatlari, ularning miqdorlari, bazani ishga tushirish byicha barcha tayyorgarlik ishlarini o‘tkazdik», — dedi u.

Unga ko‘ra, deklaratsiya tizimi bazasi 2022 yildan ishga tushiriladi.

«o‘g‘ri, bugungi kundan kelib chiqadigan bo‘lsak, [qonunning qabul qilinishi] kechikishi mumkin. Qonunning yanvargacha qabul qilinmasligi ehtimoli katta. Ammo deklaratsiya tizimi baribir bo‘ladi… 2022 yil 1 yanvardan ishga tushirilishi [davlat xizmatchisi] 1 yanvardan deklaratsiya topshiradi degani emas, vaqt beriladi. Xorijiy mamlakatlar tajribasini oladigan bo‘lsak, o‘rtacha uch oygacha vaqt beriladi. Soliq deklaratsiyasini 1 aprelgacha topshirish kerak bo‘lgani kabi. Biz o‘sha muddatni bermoqchimiz. Agar yanvar oyida qabul qilinadishan bo‘lsa ham, 2022 yildan topgan daromadlar va mulklar hisobga olinadi», — dedi Akmal Burxonov.

2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga O‘zbekiston hududidan tashqarida hisob raqamlari ochish va egalik qilish, pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish ham taqiqlanadi (xorijda ishlayotgan davlat xizmatchilari hamda davlat xizmatiga kirgunga qadar sotib olingan mol-mulk bundan mustasno).

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda davlat xizmatchilarining xorijdagi hisob raqamlari va mol-mulkiga ega bo‘lishi qonun buzilishi hisoblanmaydi. Qonun qabul qilingandan so‘ng jinoyat va ma’muriy kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar monitoring o‘tkaziladi. Keyin agentlik xorijiy hamkorlar bilan birgalikda davlat xizmatchilarining xorijdagi bank hisob raqamlari va mol-mulki mavjudligini tekshiradi.