27 fevral kuni erta tongda Toshkent shahridagi «Shovotlandiya» kafesida yong‘in chiqib, buning oqibatida kafeda ishlagan va yashagan 5 kishi vafot etgandi. Holat yuzasidan gumondor shu kuniyoq qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

«Gazeta.uz» manbasi ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi JIB Olmazor tuman sudi raisi Zafar Bobonov boshchiligida ko‘rib chiqilib, 21 dekabr kuni sud hukmi o‘qilgan.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida «Shovotlandiya» kafesining 644 mln 799 ming 538 so‘mlik binosi hamda undagi 420,4 mln so‘mlik oshxona jihozlari to‘liq yongan. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ikki nafar ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 yoshli qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.

Ëng‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli fuqaro Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «a,v,d,j,p» bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining «b,v» bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «a,v,d,j,p» bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining «b,v» bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, unga JIB Yakkasaroy tuman sudining 2014 yil 11 iyuldagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan muddati qo‘shilib, yengilroq jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud hukmi e’lon qilingan kundan 20 kun o‘tib kuchga kiradi.

Voqea qanday sodir bo‘lgandi?

Sud hujjatlariga ko‘ra, 36 yoshli sudlanuvchi ilgari tarkibida bir necha uyushgan jinoiy guruhlar mavjud bo‘lgan qurolli jinoiy uyushmani boshqargan va «avtoritet» degan nom chiqargan. Sodir etgan jinoyatlari uchun jazo o‘tash vaqtida 26 yoshli sudlanuvchi bilan tanishib qolgan. Shu orada 26 yoshli sudlanuvchi tomonidan o‘zini «boss» sifatida qabul qilinishiga erishgan.

26 yoshli sudlanuvchi qamoqdan chiqqach, 36 yoshli sudlanuvchi uni o‘zi ishlab kelayotgan Zangiota tumani «Eshonguzar» qo‘rg‘onidagi choyxonaga ishga olgan va uni o‘ziga moliyaviy jihatdan tobe qilib qo‘ygan. Buning oqibatida esa har qanday, xususan, jinoiy topshiriqlarini bajartirib kelgan.

Qayd etilishicha, kafening egasi telefon orqali 36 yoshli sudlanuvchidan yordam so‘rab, «Eddi» laqabli shaxs uning qarindoshidan pulini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan 5 dona «Iphone 11 Pro» rusumli telefonni olib, muayyan miqdordagi pullarni to‘lagani va qolgan 4000 dollarni bermay yurganligini aytgan. U esa «Eddi» bilan bog‘lanib, unga pullarni berishini tayinlagan hamda yordam so‘ragan shaxsdan buning evaziga 1500 dollarlik «Iphone» olib berishini aytgan.

Kafe egasi rad etgach, sudlanuvchi uni o‘zining choyxonasiga chaqirib, haqoratlaydi. Bunga javoban o‘zini xo‘rlangan deb hisoblagan shaxs «Shovotlandiya» kafesidagi o‘zining ofisiga sudlanuvchini chaqiradi. Ikki o‘rtada o‘zaro mojaro yuzaga keladi va kafe egasi xonadan chiqib ketadi. Tashqarida uni kutib turgan tanishlari esa sudlanuvchi va uning 2 nafar sherigi xonadaligini bilib turib, eshik va oynalarga tosh otishgan.

36 yoshli sudlanuvchi va uning sheriklari voqea joyidan qochishga erishib, o‘zining choyxonasiga boradi va 26 yoshli sudlanuvchiga bo‘lgan voqealarni aytib, qasd olish rejasini tuzishadi. Unga ko‘ra, «Shovotlandiya» egasi ofisda tunab qolgan vaqtda kafega o‘t qo‘yishga kelishib olishadi.

Sud hujjatlariga muvofiq, 36 yoshli sudlanuvchi o‘ziga «ishonchli alibi» shakllantirish uchun o‘zi doimiy yashagan xonadonda qoladi. 26 yoshli sudlanuvchi esa yarim tunda taksida kafega boradi va «Molotov kokteyli»ni tayyorlab, ularni kafening tez yonuvchi qismlariga uloqtiradi. Shundan so‘ng, voqea joyidan yashirinadi.