Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida changli bo‘ron hodisasi kuzatilayotgani haqida xabalar tarqaldi.

Avvalroq, O‘zgidromet respublikaning ayrim viloyatlari hamda cho‘l hududlarida 21 dekabr kuni chang bo‘ron va chang g‘ubor hodisalari bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirgandi.

Foto: Uzb_meteo.

Internet tarmoqlarida tarqalgan suratlarda 4 noyabr kuni Toshkentda kuzatilgan chang-qumli tumanga yaqin holat kuzatilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Vaziyatdan kelib chiqib, SSV changli havo sharoitida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

«Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 179 ta aholi punktida joylashgan subfiliallari doimiy shay holatda. Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin shifokor va 52 ming nafardan ziyod hamshiralarga zarur ko‘rsatmalar berilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, aholi SSVning «1003» qisqa raqamli call-markazidan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tunu kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.

Chang bo‘roni vaziyatida vazirlik tavsiyalari:

  • nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlarga changli havoda tashqariga chiqmasliklarini tavsiya qilinadi.
  • ona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.
  • derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.
  • ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.

SSV agar aholi orasida tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozimligini eslatib o‘tgan.