Maktablarda to‘liq milliy o‘quv dasturiga o‘tish 2025 yilda yakunlanadi. Buning uchun metodik yondashuv o‘zgarishi va yangicha darsliklar yoza oladigan mualliflar maktabi shakllanishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Respublika ta’lim markazi mutaxassislari ta’lim mazmunidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Respublika ta’lim markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 22 fandan milliy o‘quv dasturlari loyihalarini yaratishga 246 nafar ekspert, shu jumladan, maktab o‘qituvchilari, metodistlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda UNICEF va USAID tashkilotlaridan xalqaro ekspertlar jalb qilindi.

Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov so‘zlariga ko‘ra, shu kunga qadar maktab ta’limidagi eng katta muammolar — ta’lim mazmunining eskirganligi, darsliklarning asosan nazariy bilimlarni yodlatishga qaratilganligi va akademik tilda yozilganligi edi.

«2020 yilda yaratilishi boshlangan milliy o‘quv dasturlarida XXI asr ehtiyojlaridan kelib chiqib o‘quvchilarda shakllanishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalar belgilangan», — deya ta’kidladi u.

Misol uchun, ona tili fani orqali og‘zaki va yozma muloqot ko‘nikmalari, turli matnlarni tushunish, matematika fani orqali matematik tafakkur, mantiqiy fikrlash va muammolarga yechim topish, tabiiy fanlar orqali tadqiqotchilik va atrof-muhitni asrash, tarix fani orqali davrlarni solishtirish va tarixiy voqealarning sabab va oqibatlarini tushunish, tasviriy san’at orqali ijodiy fikrlash, informatika fani orqali raqamli kontent yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsad qilingan. Har bir fanda o‘quvchilarning kognitiv ko‘nikmalari, tanqidiy va ijodiy fikrlashi, ko‘p savodlilikni rivojlantirishga e’tibor berilgan.


Sattorovning so‘zlariga ko‘ra, milliy o‘quv dasturining oldingi dasturlardan yana bir katta farqi — chiziqli yondashuvdan spiralsimon yondashuvga o‘tilganligi. Bunda oldingi sinflarda o‘tilgan mavzular keyingi sinflarda qaytariladi va chuqurlashtiriladi.

Milliy o‘quv dasturi bo‘yicha barcha fanlar kesimida haftalik yuklama 114 soatni tashkil etadi. Shuhrat Sattorovning fikricha, o‘quvchilarning haftalik yuklamasi kattaligi ham ularning sifatli ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri va bosqichma-bosqich bu yuklamani kamaytirish choralari ko‘riladi. Uning misol keltirishicha, Finlyandiyada o‘quvchilar yuklamasi boshqa davlatlar bilan solishtirganda kam, lekin xalqaro tadqiqotlarda Finlyandiya o‘quvchilari yuqori natijalarni qayd etishadi.

Tanlov asosida saralab olingan 154 nafar muallif ishtirokida milliy o‘quv dasturi asosida 2021−2022 o‘quv yili uchun 1- va 2- sinflarga mo‘ljallangan jami 326 nomda darsliklar, o‘qituvchi kitoblari va mashq daftarlari yaratildi.

Milliy o‘quv dasturini maktablarga 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy qilish rejalashtirilgan. Buning uchun keyingi o‘quv yiliga milliy o‘quv dasturi dasturi asosida 3, 6, 7, 10 sinflar uchun 431 nomda va undan keyin 4, 5, 8, 9, 11 sinflar uchun 582 nomda o‘quv-metodik adabiyotlar tayyorlanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan olib borilayotgan «O‘zbekiston — Barkamollik uchun ta’lim dasturi» loyihasi doirasida Cambridge University Press nashriyotining 5−11 sinflar uchun informatika va axborot texnologiyalari hamda 1−11 sinflar uchun ingliz tili darsliklari tanlab olindi va mahalliylashtirildi. 2022−2023 o‘quv yilidan boshlab bu darsliklar maktablarga joriy qilinadi.

Ta’lim rus tilida olib borilmaydigan maktablar uchun rus tili darsliklari Rossiyalik mutaxassislar bilan RKI (russkiy kak inostrannыy — rus tili chet tili sifatida) metodikasi asosida yaratilmoqda.

«Gazeta.uz» muxbirining boshqa fanlardan (masalan, tabiiy va aniq fanlar) ham xorijiy darsliklarni mahalliylashtirib, joriy etish rejalari mavjudligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Shuhrat Sattorov Fransiya va Germaniyadagi yetakchi nashriyotchilarning fransuz va nemis tili darsliklarini mahalliylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini, shu bilan birga, mahalliy mualliflar maktabini shakllantirish ustivor vazifa ekanligini qayd etdi.

Shuhrat Sattorovning so‘zlariga ko‘ra, bizda ham, boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi, darsliklarning vazirlik tomonidan emas, nashriyotlar tomonidan yaratilishiga o‘tishimiz uchun mualliflar maktabi shakllanishi kerak. Kelgusida darsliklarning vazirlik emas, nashriyotlar tomonidan tayyorlanishiga erishiladi.

Sattorovning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim sifati yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun o‘qituvchilarni akademik mustaqilligiga ham erishish kerak, ya’ni o‘qituvchi faqat bitta darslikka bog‘lanib qolmasdan, ta’lim standartlari asosida dars jarayonini tashkil qila olishi va darsi uchun kerakli ishlanmalarni yarata olishi kerak.
2-sinflar uchun tayyorlangan «Ona tili va o‘qish savodxonligi» darsligining murakkab ekanligi bo‘yicha shikoyatlar haqidagi savolga izoh berar ekan, Shuhrat Sattorov bu darsliklar chop qilinishidan oldin tajriba-sinovdan o‘tganligini va faqat grammatik qoidalarni yodlatishga qaratilgan oldingi darsliklardan yondashuvi farq qilishini ta’kidladi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritilsa, amaldagi alifboda chop qilingan darsliklar taqdiri nima bo‘lishi haqidagi savolga javob berar ekan, Xalq ta’limi vazirligi mas’ul xodimi Uchqun Xamutov alifboga o‘zgartirish kiritilsa, maktablardagi 130 million nusxa darslik o‘zgarishi kerak bo‘lishini, buning uchun 1,7 — 1,8 trln so‘m mablag‘ talab qilinishini qayd etdi.

Bundan oldin «Gazeta.uz» milliy o‘quv dasturi va yangi darsliklarning joriy qilinishi hamda bu jarayondagi qiyinchiliklar haqida Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorovning intervyusini e’lon qilgandi.