Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Askar Akayev Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasida (DMXQ) so‘roq qilindi. Bu haqda 24.kg agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Askar Akayev «Qumtor» ishi bo‘yicha guvoh sifatida so‘roqqa chaqirilgan. Akayev tergovga o‘z advokati bilan yetib kelgan. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti so‘roqdan so‘ng DMXQ binosidan chiqib ketgani aytildi. Bu haqda uning advokati Aybek Samarbekov ma’lum qilgan.

Ma’lum qilinishicha, sobiq davlat rahbariga tergovchilar «Qumtor» ishi bo‘yicha savollar bergan. Advokat so‘roq tafsilotlarini oshkor qilmadi, Bunga sabab sifatida o‘zi va mijozi oshkor qilmaslik to‘g‘risida shartnoma imzolaganini bildirdi.

«Bu ish bo‘yicha ko‘proq so‘roqlar bo‘ladi. Balki Askar Akayev shu hafta oxirigacha Bishkekda qolishi mumkin», — dedi advokat Aybek Samarbekov.

Eslatib o‘tamiz, Askar Akayev «Kumtor» oltin konini ishga tushirish loyihasini amalga oshirishdagi korrupsiya omillari bo‘yicha jinoyat ishini tergov qilish doirasida qidiruvga berilgan edi. 2 avgust kuni uning Bishkekka yetkazilgani xabar qilingandi.

Akayev mamlakatga qaytganidan so‘ng, ilk tergovlarda qatnashgan. Shuningdek, u DMXQdagi so‘roqdan keyin brifingda so‘zga chiqqan.

«Vatanga qaytish imkoniyatini berganlari uchun mamlakat rahbariyati, prezident Sadir Nurgojoyevichdan juda ham minnatdorman. Men hamkorlik qilish, yordamlashish uchun keldim», — deya ta’kidalagan Akayev.