Dunyo bo‘ylab qamoqxonalardagi jurnalistlar soni 2021 yilda rekord darajaga yetdi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQ) hisobotiga ko‘ra, dekabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, 293 nafar OAV xodimlari hibsda saqlanmoqda.

Xalqaro tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p qamoqqa olingan jurnalistlar Xitoyda — 50 ta. Undan keyingi o‘rinlarda Myanma — 26, Misr — 25, Vetnam — 23, Belarus — 19. Birinchi o‘nlikka Turkiya (18), Eritreya (16), Saudiya Arabistoni (14), Rossiya (14) va Eron (11) kirgan. O‘zbekistonda qo‘mita hisob-kitoblariga ko‘ra, qamoqda 2 nafar jurnalist — Elyorbek Tojiboyev va Otabek Satoriy bor.

«Ketma-ket oltinchi yildirki, JHQ butun dunyo bo‘ylab qamoqqa olingan jurnalistlar sonini rekord darajada qayd etmoqda. Bu raqam bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ikkita muammoni aks ettiradi: hukumatlar axborotni nazorat qilish va boshqarishga qat’iy qaror qilganini hamda ular o‘z sa’y-harakatlarida yanada ko‘proq surbetlikka yo‘l qo‘yayotganini. Jurnalistlarni yangiliklar haqidagi reportajlari uchun qamoqqa olish — avtoritar rejimning o‘ziga xos belgisidir», — dedi JHQ ijrochi direktori Joel Saymon.

Qo‘mita qayd etishicha, jurnalistlarga nisbatan «davlatga qarshi» ayblovi eng keng tarqalgan ayblov bo‘lib qolmoqda. Bu yil tashkilot, shuningdek, kiberjinoyatda ayblangan kamida 17 nafar qamoqqa olingan jurnalistlarning ishini hujjatlashtirdi. Ba’zi hollarda internetda har qanday nashr etilgan yoki ma’lumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin, deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, JHQ 24 jurnalistning o‘ldirilishini hujjatlar bilan tasdiqladi. 2021 yilda o‘z mehnati uchun o‘ch olish maqsadida o‘ldirilgan jurnalistlarning eng ko‘pi — Hindistonda (4 nafar) ro‘yxatga olingan. Meksika jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakat bo‘lib qolmoqda, deya qo‘shimcha qiladi qo‘mita. Joriy yilda mamlakatda 3 nafar matbuot xodimi o‘z reportajlari uchun o‘ldirilgan, yana oltita qotillik bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.