10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisining Uzreport TV nodavlat telekanali orqali uzatilgan jonli efiri 48 daqiqadan so‘ng o‘z nihoyasiga yetdi. Bunga davletovuz Telegram kanali e’tibor qaratdi.

Yig‘ilish boshlanganini e’lon qilgan Qonunchilik palatasining matbuot xizmati tadbir noodatiy tarzda ochilganini ma’lum qildi: «Kun tartibidagi masalalarni ko‘rib chiqishdan oldin O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi. 10 dekabr kuni mustaqillik va milliy g‘urur ramzi bo‘lgan madhiyamiz qabul qilingan kun».

Shundan so‘ng deputatlar prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi «shu kunlarda xalq va keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotgan dasturiy hujjatga» e’tibor qaratishdi.

«Inson qadri yuksalayotgan yurt. Odamiylik va bag‘rikenglik hukm surayotgan O‘zbekistonda inson va uning manfaatlari har narsadan ustun. Bugun, 10 dekabr Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun. Shu munosabat bilan yalpi majlisda quyi palata deputatlari ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratdilar», — deyiladi palata matbuot xizmati xabarida.

Televideniye orqali namoyish etilgan efir vaqtida «biror-bir masala ko‘rilmadi, balki balandparvoz gaplar yangradi», deb yozadi davletovuz. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar efirni televideniyeda davom ettirishning imkoni bo‘lmasa, u internetda chiqishi kerak edi.

Endi o‘zbekistonliklar jamiyatni tashvishga solayotgan jiddiy masalalar yuzasidan «filtrlangan axborot o‘qishga majbur». «Parlament prezident farmonini ijro etmayapti. Deputatlar saylovchilarni aldayapti», — deya qayd etdi u.

«Gazeta.uz» muxbiri Qonunchilik palatasi matbuot xizmati bilan bog‘langanda, bu holat O‘zbekiston boks chempionatining 11:00 da efirga uzatilishi oldindan rejalashtirilgani tufayli telekanal tomonidan translyatsiya to‘xtatilgani ma’lum qilindi. O‘zbekiston24 telekanalida esa yalpi majlis yangiliklar dasturida berilgani bois yakuniga yetmagani aytildi.

Matbuot xizmati xodimining so‘zlariga ko‘ra, quyi palatasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirga uzatish IT mutaxassislari bilan bog‘liq, internet tezligi va uzilib qolishi masalalari muhokama qilinishi kerak.

Bu orada palata rasmiy bildirish e’lon qilinib, «Parlament quyi palatasi mamlakatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi».

Ayni damda muhokama qilingan masalalarning qisqacha bayoni Qonunchilik palatasining Telegram kanalida berib borilmoqda.

Prezidentning 16 iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlar faoliyatining ochiqligini, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 1 dekabrdan telekanallarda, shuningdek internet orqali Qonunchilik palatasi va Senatning majlislari (yopiqlaridan tashqari), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari majlislari, shuningdek, ayrim sud majlislarini (tomonlarning roziligi bilan, yopiqdan tashqari) jonli efirda namoyish etilishi shart.

«Mazkur farmonda ko‘rsatilgan qoida va tartiblarni buzish davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hisoblanadi», — deyiladi hujjatda.