Daraxtlar atrofini ommaviy ravishda betonlash holatlaridan navbatdagisi Jizzax viloyatining Gagarin shaharchasida sodir bo‘ldi. Ushbu holat aks etgan fotosuratlar «Biz betongayam daraxt ekvororamiz» izohi bilan 3 dekabr kuni jurnalist Xurshid Daliyev tomonidan e’lon qilindi.

4 dekabr kuni viloyat ekologiya boshqarmasi Gagarin shaharchasi Xalqlar Do‘stligi ko‘chasining ikki tomoniga ekilgan 75 tup daraxtlar atrofi «Fayz-Baraka» MCHJ tomonidan yo‘lak qurish ishlari davomida betonlab yuborilganini ma’lum qildi.

Foto: t.me/muxbir1.

Ekologiya inspektorlari daraxtlarning barchasi 38 tup archa, 7 tup shumtol,1 tup tut, 1 tup akatsiya, 1 tup gilos,4 tup qayrag‘och, 7 tup eldor qarag‘ayi, 12 tup aylant daraxtidan iborat ekanini hisoblab chiqishdi.

«Daraxtlarining tagidagi betonlar buzib olindi va daraxtlarning tagi yumshatilib, parvarish qilindi. MCHJning ushbu ishga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan rasmiy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilandi», — deyiladi xabarda.

Foto: Jizzax viloyat Ekologiya boshqarmasi.

Xuddi shu kuni hodisa yuzasidan O‘zbekiston Ekologiya partiyasi ham munosabat bildirdi. Partiya daraxtlarga nisbatan bunday shafqatsiz munosabatni keskin qoraladi.

«Mazkur holatning yuzaga kelishi mamlakatimizda „Yashil makon“ umummilliy loyihasi amalga oshirilayotgan, har bir daraxtga, bir tup bo‘lsa-da ko‘chat ekishga alohida e’tibor qilinayotgan bir vaqtda qator savollarni tug‘dirmoqda», — deya ma’lum qildi Ekopartiya.

«Katta yo‘lning yoqasida yo‘lak qurish bir-ikki kunda bitkazib yuboriladigan kichkina ish emas. Buning uchun avvalo loyiha-qurilish ishlari har tomonlama puxta rejalashtirilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bu jarayonda esa har bir tup daraxt hisobga olinishi shart», — deya qayd etildi.

«Loyihalash va qurilish jarayonida mutasaddilar qayerga qarashgan? Qurilish jarayonini tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, tuman arxitektori nazorat qilishi kerak emasmi? Obodonlashtirish bo‘limi, ekologiya inspeksiyasi qayerga qaradi?» — degan savollarni o‘rtaga tashladi partiya.

Bayonotda ta’kidlanishicha, mamlakatda xalq o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida qurilayotgan piyodalar uchun qulay bo‘lgan salomatlik yo‘laklari yashil maskanlar, jumladan yon-atrofdagi daraxtlar bilan hamohangligini unutmaslik zarur. Prezident tashabbusi bilan daraxt ekish bo‘yicha o‘tkazilayotgan «dolzarb qirq kunlik» har bir tup daraxt ko‘chatiga alohida e’tibor va parvarish shart ekanini ko‘rsatib turibdi. «Buning uchun mas’uliyatni har bir mutasaddi o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi», deyiladi bayonotda.

Piyodalar yo‘lagi o‘rtasiga nafaqat daraxtlar, balki simyog‘ochlar ham tushib qolgan. Foto: Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi.

«Daraxtlar atrofidagi beton qo‘porilib, yo‘l qo‘yilgan xato to‘g‘rilangan. Biroq berilgan suratlardan ko‘rinib turibdiki, holat to‘liq bartaraf etilmagan, daraxtlar atrofi nomigagina betondan tozalangan, ularni parvarishlash uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan», — deya qayd etdi partiya.

Bayonotda ta’kidlanishicha, qurilishni amalga oshirganlarni jarimaga tortish bilangina bunday holatlarga butunlay barham berish mushkul.

«Daraxtlarga bunday munosabat uchun tegishli tashkilot rahbarlari, har bir mutasaddining ham mas’uliyatini ko‘rib chiqish kerak. Toki har bir tup daraxt atrof tabiiy muhitning bir bo‘lagi sifatida doim himoya va parvarishda bo‘lishi kafolatlansin», — deya ma’lum qildi Ekopartiya.

Yakshanba kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yosh daraxt ko‘chatlari qayta o‘tqazilganini ma’lum qildi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi.