O‘zbekiston bosh vaziri qabulxonalari va Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi negizida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda tuman (shahar)larda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yangi tizimning yaratilishi haqida davlat rahbari 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish, ipoteka kreditlashni kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektorda e’lon qilgan.

«Ushbu tizimni samarali yo‘lga qo‘yishga barcha hudud va sektor rahbarlari mas’ul», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi faoliyatini tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Hokim yordamchilari 1 yanvardan barcha mahallalarda faoliyatini boshlaydi.

Bir yil davomida doimiy faoliyat yuritadigan «Mahallabay ishlash shtabi» tuziladi. Har bir tuman va shaharga vazirlik, markaziy idoralar va banklardan 1−3 nafardan mas’ul xodim biriktiriladi.

Ular 1 yilga tumanga xizmat safariga yuboriladi va ish joyi, oylik ish haqi saqlab qolinadi. O‘zini yaxshi ko‘rsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari mukofotlanadi, yil natijalari bo‘yicha esa «Yangi O‘zbekiston islohotchisi» ko‘krak nishoniga tavsiya qilinadi. Ularga ipoteka asosida kvartira olishda 50 foizgacha subsidiya ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti davrida qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda mahallalarda «hokim yordamchisi» lavozimi joriy etish taklifini bildirgan edi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonning 422 ta mahallasida «hokim yordamchisi» lavozimi joriy qilinishi aytilgandi.

Davlat rahbarining taklifiga ko‘ra, yordamchilar mahallada tadbirkorlarning loyihalariga yordam beradi, kasb-hunarga o‘qitish, tomorqa, bo‘sh yer va binolardan unumli foydalanishni tashkil etadi. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, jon boshiga daromadni oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul bo‘ladi.

Noyabr boshida respublikaning barcha mahallalarida (jami 9259 ta) hokim yordamchilari lavozimlari joriy etilayotgani va bunga prezident topshirig‘ida aytilganidek yoshlar orasidan emas, balki hududlarda tajribaga ega moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan tayinlanayotgani haqida yozgan edik.

Noyabrning o‘rtalarida adliya vaziri Ruslanbek Davletov mahallada hokim yordamchisi lavozimiga majburiy tayinlovlarni «noqonuniy», deya atagandi. «Hech kimni majbur qilishga haqqi yo‘q… Tazyiqlar bo‘ladigan bo‘lsa murojaat qilishi mumkin», — degandi u. Vazir shuningdek, kasbni erkin tanlash konstitutsiyaviy huquq ekanligini eslatib o‘tgan.