Toshkentda tegishli hujjatlari bo‘lmagan jami 1597 dona «Zardeks», 1413 dona «Karbamazepin» va boshqa kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotayotgan dorixona xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura Departamenti.

Qayd etilishicha, Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda U-B. MCHJga qarashli dorixona sotuvchilari xaridorga 35 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 700 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, ushbu dorixonadan sotish uchun mo‘ljallangan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan jami 1597 dona «Zardeks», 1413 dona «Karbamazepin» va yana 90 dona qizil va oq rangli nomsiz dori vositalari topilgan.

Bundan tashqari, Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.A. xaridor N.ga 49 dona kuchli ta’sir qiluvchi «Tropikamid» va 50 dona «Selofen» nomli dori vositalarini 4,6 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.