Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi» davlat unitar korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar berdi AKT vazirligi matbuot xizmati.

Yaqin kelajakda amalga oshirilayotgan loyihalar qatorida mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Sherzod Shermatov IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topish kerakligini ta’kidladi.

«Fuqarolar xizmatlardan oson va qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur», — dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.

Mobil qurilmalarni IMEI-kod orqali ro‘yxatga olish tizimini joriy etish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan edi. «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK tizim operatori etib belgilandi.

2019 yil aprel oyidan mahalliy GSM-operatorlar tarmoqlarida foydalaniladigan mobil qurilmalarniavtomatik hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etilgan.