Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Sarhumdon va Gulobod mahallalari bo‘ylab yurib, bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Davlat rahbari ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar bilan suhbatda bo‘ldi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi.

Fuqarolardan biri prezidentga: “Nevaralaringiz, o‘zingiz yaxshimi? 95 yoshga kirgan dadam so‘rayaptilar sizni. Hozir bir daqiqa”, deya uyidan otasini chaqirdi. Otaxon Shavkat Mirziyoyevdan hol-ahvol so‘rab, duo qildi. Prezident otaxonga “sizning yoshingizdan bizga bersin”, dedi.

Otaxon davlat rahbariga o‘zi yashaydigan uy oldiga “kichkina choyxona kerakligini” aytdi. Prezident “o‘zim sizga chiroyli choyxona qilib beraman”, deb javob berdi.

Davlat rahbari boshqa ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqaro bilan ham suhbatda bo‘ldi. “Aylanib, yanada obod qilishni o‘ylab yuribmiz”, — dedi u.

Shundan so‘ng prezident 42-maktabga tashrif buyurdi. Davlat rahbarini maktab xodimlari kutib oldi. Shavkat Mirziyoyev maktabning sport zaliga ham kirdi.

“Tasodifan kirib qoldim. Albatta, sport zallaringizni ham remont qilib beramiz, sharoitni ham yaxshilaymiz, lekin sizlar menga va’da berishlaringiz kerak, jismoniy tarbiya bilan ko‘proq shug‘ullanasizlar. Nimaga desangiz, kelajakda sog‘lom zurriyot deganimiz hamma o‘qishlaringda faqat va faqat sport bilan do‘st bo‘lsanglar juda ko‘p niyatlaring amalga oshadi. Sog‘-salomat bo‘linglar”, — dedi prezident.

Bundan tashqari prezident maktab oshxonasiga kirib, menyu bilan tanishgan.

“Bular endi imkoni yetgancha masalliq olib kelib, tayyorlashadi. Toshkentda shunday bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda qanday? Maktab oshxonalarining ichiga hali kirmadik. Sifati, muddati qanday, narxi, bularni tizimga solish bo‘yicha ish olib bormadik. 10 yanvarga qadar maktablar oshxonalariga sifatli, to‘yimli, balanslashtirilgan taomnoma bo‘lishi uchun catering xizmatini autsorsing asosida tashkil qilish bo‘yicha puxta loyiha qilinglar”, — deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda “Mikrofon ko‘targan ayol” Telegram-kanali.

Shuningdek, davlat rahbari maktab xodimlari bilan ham suhbatda bo‘ldi. “Hammalaring eshitdilaring, ta’lim, ta’lim, muallim, muallim. Ta’lim bilan muallimga sharoit yaratishimiz kerak. Ta’lim bilan muallimni obro‘sini ko‘tarsak, ta’limni sifatini ko‘tarsak hozirgi qilgan ishlarimiz katta kutish… Hozir odamlar kutyapti, nima bo‘larkan endi, deb. O‘zim ko‘zim bilan ko‘rmoqchi bo‘ldim. O‘zimga ko‘p xulosa qilib ketyapman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, prezident bosh vazirga qarata: "Tag‘in kamchiliklar uchun darrov direktorga yopishmanglar, uning aybi yo‘q. Aslida biz ularga tizim qilib berishimiz kerak", degan.

Kun.uz`ning xabar berishicha, shundan so‘ng davlat rahbari Sarxumdon mahallasidagi nuroniylar bilan suhbatlashgan. Mahalladagi yoshi keksa insonlar bilan birgalikda ko‘chat ekkan.

Daraxt ekilgandan keyin prezident ko‘chada o‘ynab yurgan yosh bolakay bilan ham suhbatlashdi. Shavkat Mirziyoyevning "qani otingiz nima?", deb bergan savoliga bolakay "Shoxyuz", deya javob berdi. "Shoxrux?", deb so‘radi prezident, bolakay: "yo‘q, Shoxyuz", deb javob berdi. Davlat rahbarining yonidagi mas’ul shaxs "Shoxruxmi?", deya bolakaydan qayta so‘radi, bolakay esa "Shoxyuxmas, Shoxyuz", deb javob berdi va davrada kulgu ko‘tarildi.

Bolakay onasi bilan ko‘chaga chiqqanini aytdi va davlat rahbari undan onasi qayerdaligini so‘radi. Prezident bolakayning onasiga uning o‘g‘li bilan bo‘lgan suhbatni aytib berdi. "Rahmat sizga shuncha sharoit yaratib berganingiz uchun", — dedi bolakayning onasi prezidentga.

Shavkat Mirziyoyev suhbatdan so‘ng ekilgan daraxtlar uchun duo qilishlarini so‘radi va duoga qo‘l ochildi.