Niqob taqish — COVID-19`ga qarshi kurashda aholi salomatligini saqlashning yagona eng samarali chorasi bo‘lib, u virus bilan zararlanish xavfini 53% gacha kamaytiradi. Bu haqda ilk global tadqiqotlar natijalariga tayanib The Guardian nashri xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, vaksinalar xavfsiz va samarali bo‘lishiga qaramay, ularning aksariyati 100 foizlik to‘laqonli himoyani ta’minlamaydi. Shuningdek, ko‘pchilik mamlakatlar aholini to‘liq emlab ulgurgani yo‘q. Bundan tashqari, vaksina kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan koronavirus variantlarini yuqtirishga to‘sqinlik qiladimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

18 noyabrda Avstraliya, Buyuk Britaniya va Xitoy universitetlaridan bo‘lgan bir guruh olimlar tomonidan COVID-19 bilan kasallanish holatlarini kamaytirishda aholi salomatligini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini tizimli baholash va tahlil qilishga bag‘ishlangan global tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash va qo‘llarni muntazam yuvish virusga chalinishning oldini olishda samarali choralar ekanligi birinchi marta ilmiy jihatdan o‘z isbotini topdi, xususan, niqob taqish ular orasida eng samaralisi ekanligi aniqlandi.

«Mazkur tizimli tekshiruvlar va meta-tahlil shuni ko‘rsatadiki, bir qator shaxsiy himoya choralari va ijtimoiy tadbirlar, jumladan qo‘llarni yuvish, niqob taqish va jismoniy masofa saqlash bilan COVID-19 holatlarining kamayishi o‘rtasida bog‘liqlik mavjud», — deb yozmoqda tadqiqotchilar British Medical Journal`da.

Tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, niqob taqish, ijtimoiy masofalanish va qo‘llarni yuvish amaliyoti vaksinatsiya dasturlari bilan parallel ravishda davom ettirilishi zarur.

The Guardian`ning yozishicha, Monash universiteti hamda Edinburg universiteti olimlari lokdaun hamda chegaralar, maktablar va ish joylarining yopilishi kabi ko‘p tarmoqli chora-tadbirlarning aholiga potensial salbiy ta’sirini baholash qo‘shimcha tahlillar talab qilishini ta’kidlashgan.

Aholi salomatligini saqlash yoki farmatsevtik bo‘lmagan chora-tadbirlar gripp kabi respiratorli infeksiyalarga qarshi kurashda foydali ekanligi ma’lum va butun dunyo mamlakatlari COVID-19 tarqalishini oldini olishda ulardan foydalanishga harakat qilishdi.

Biroq, shu paytgacha o‘tkazilgan kuzatuvlar mutaxassislar COVID-19`ga qarshi kurashda bunday choralarning samaradorligi to‘g‘risida qat’iy xulosalar chiqarishga imkon beradigan darajada ishonchli emas edi.

«Dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan 30 dan ortiq tadqiqotlar natijalari batafsil tahlil qilinganida, COVID-19 bilan kasallanish holatlari niqob taqish natijasida statistik jihatdan sezilarli 53 foizgacha va jismonan masofa saqlash orqali 25 foizgacha kamayishini ko‘rsatdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘llarni yuvish amaliyoti ham COVID-19 bilan kasallanishni sezilarli 53 foizgacha qisqartirishi aniqlandi, biroq bu boradagi boshqa kam sonli tadqiqotlarga moslashtirilganda bu ko‘rsatkich statistik ahamiyatga ega emas, deb topilganligi aytilmoqda.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, tadqiqotning tuzilishi, tadqiqot natijalari o‘lchovlari va sifati boshqa chora-tadbirlar (karantin va izolyatsiya, universal lokdaunlar, chegaralar, maktablar va ish joylarining yopilishi) samaradorligini batafsil tahlil qilish imkonini bermagan.

Pandemiyaning ilk davrida ko‘plab mamlakatlar ommaviy niqob taqishni majburiy qilishganiga qaramay, deyarli ikki yil o‘tgach, ularning aksariyati bunday talabni qisman yoki butunlay bekor qilishdi.

Bugunga kelib qator davlatlar, jumladan, Gollandiya, Ruminiya, Chexiya, Slovakiya, Polsha, Vengriya, Britaniya niqob taqish majburiyatini qayta ko‘rib chiqmoqda. Ularning ayrimlari niqob taqish talabini qisman yoki butunlay qayta tiklaganligi aytilmoqda. O‘zbekistonda niqob taqish tartibi hozircha bekor qilinmagan.

Avvalroq Bangladeshda bir guruh tadqiqotchilar tomonidan niqob taqish darajasini oshirish hamda jamoaviy niqob taqishning SARS-CoV-2 bilan zararlanish darajasiga ta’sirini baholash yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari haqida xabar qilingan edi. Mazkur tadqiqot natijalari jamiyat miqyosida niqob taqish COVID-19 holatlarini kamaytirishi, ayniqsa jarrohlik niqoblari qo‘llanilgan holatda samara nisbatan yuqoriroq bo‘lishi va o‘ziga xos targ‘ibot modeli vositasida jamiyat miqyosida niqob taqish darajasini oshirish mumkinligini tasdiqlagan.