20 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida 168 o‘rinli prezident maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ushbu maktabning o‘qituvchi va o‘quvchilardan iborat jamoasi joriy yilning may-avgust oylarida shakllantirildi. Joriy yil maktabda 144 nafar o‘quvchi tahsil olishni boshladi. Kelgusi yildan beshinchi sinflarga yana 24 nafar o‘quvchi qabul qilinib, umumiy 168 nafar o‘g‘il-qizlar ta’lim olishadi.

Ularga ko‘p bosqichli sinovlar asosida saralab olingan 21 nafar mahalliy hamda 11 nafar xorijlik o‘qituvchi ta’lim beradi. Darslar har bir fan tasnifiga qarab jihozlangan sinfxonalarida Kembrij o‘quv dasturi asosida o‘tiladi.

Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ochilish marosimida so‘zga chiqib, prezidentning ta’lim tizimida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalash, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ma’nan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini tilga olib o‘tdi.

Maktab qurilishi Discover Invest kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmasi sifatida ishtirok etdi. Loyiha qiymati 84 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Noyabr oyi boshida Navoiyda 168 o‘rinli prezident maktabi foydalanishga topshirilgan edi. Maktabni qurish va jihozlash uchun 100 mlrd so‘m ajratildi, deya xabar qildi «Yangi O‘zbekiston» nashri. Noyabr o‘rtasida esa Jizzax viloyatida ham prezident maktabi ochildi. Qurilishiga davlat budjetidan 70,7 mlrd so‘m ajratilgan maktabga 10 nafar nomzod orasidan 144 o‘quvchi saralab olindi.

Avvalroq «Gazeta.uz» 2022 yilda davlat tomonidan 410 mlrd so‘mlik 40 ta maktab qurish rejalashtirilgani haqida yozgan edi. Bu o‘tgan yilgidan deyarli ikki baravar ko‘p, ammo maktablarda joy yetishmasligi muammosini hal qilish uchun hali ham yetarli emas.

Gulistondagi prezident maktabi fotosuratlari