O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi 2021 yilda qariyb 7,6 mlrd dollarni yoki mamlakat YAIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon banki o‘zining Migratsiya va rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan hisobotida e’lon qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda past va o‘rta daromadli mamlakatlar mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari kutilganidan ham jadalroq — 7,3 foizga o‘sib, 589 mlrd dollarni tashkil etgan.

Hisobotda aytilishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari hajmi 2020 yilda 8,6 foizga kamaygan. 2021 yilda Yevropa Ittifoqidagi iqtisodiy tiklanish hamda neft va gaz narxlarining keskin oshishi hisobiga pul o‘tkazmalari hajmi 5,3 foizga o‘sib, 67 mlrd dollarni tashkil etishi, 2022 yilda esa 3,8 foizga o‘sishi kutilmoqda. Hozirda pul o‘tkazmalari mintaqada tashqi moliyalashtirishning eng katta manbai hisoblanadi.

Grafik: Jahon banki.

Ma’lum qilinishicha, past va o‘rta daromadli mamlakatlarga (Xitoyni hisobga olmaganda) pul o‘tkazmalari hajmi ketma-ket ikkinchi yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) va rivojlanishga rasmiy yordamning (RRY) umumiy hajmidan oshishi kutilmoqda.

«Bu iqtisodiy qiyinchiliklar davrida migrantlar ona yurtlaridagi oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi zaruriy tovar va xizmatlar uchun uy xo‘jaliklarining xarajatlariga tayanch bo‘ladigan pul o‘tkazmalarining naqadar muhim ekanligini anglatadi», — deyiladi hisobotda.

«Uy xo‘jaliklarining moliyaviy tangligini yengillashtirish uchun pul o‘tkazmalarini jo‘natishga qulayroq muhit yaratish — pandemiyadan keyingi global iqtisodiyotni qayta tiklash bo‘yicha hukumat siyosatining asosiy ustunlaridan biri bo‘lishi kerak», — deya ta’kidladi Jahon bankining Ijtimoiy himoya va bandlik bo‘yicha global amaliyot departamenti direktori Mixal Rutkovski.

Ma’lumotlarga ko‘ra, banklar orqali pul o‘tkazmalarini jo‘natish narxi raqamli kanallar yoki naqd pul jo‘natish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar orqali yuborilganidan ko‘ra odatda yuqoriroq bo‘ladi.

«Pul o‘tkazmalari oqimini, ayniqsa, raqamli kanallar orqali pul o‘tkazmalari oqimini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, migrantlar va pul o‘tkazish kompaniyalari uchun bank hisoblariga yo‘l ochish asosiy talablar bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, davlat siyosatidagi javob choralari bundan keyin ham migrantlarni qamrab olishi, xususan, migrantlar uchun vaksinalarga yo‘l ochish va ishsizlikdan himoyalanish kabi sohalarda davom etishi kerak», — deya qayd etgan Dilip Ratha, hisobotning yetakchi muallifi.

Ma’lum qilinishicha, global makroiqtisodiy prognozlarga muvofiq, 2022 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 2,6 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, «COVID-19 bilan kasallanishning yana keskin o‘sishi va harakatlanishga cheklovlarning qayta kiritilishi», shuningdek, «budjetdan rag‘batlantirish va bandlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining tugatilishi» pul o‘tkazmalari oqimining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5,7 mlrd dollarni tashkil etgan.

Markaziy bank to‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti chetdan kirib kelgan pul mablag‘lari hisobiga qisman qoplanganligini ma’lum qilgan edi.