Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa idoralar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlardan so‘ng birjada Ai-80 markali avtomobil benzini narxi pasayishni boshladi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Uch kun ichida yoqilg‘i narxi 9 foizga arzonlashdi. Agar 15 noyabr kuni birja savdolarida Ai-80 rusumli benzinning o‘rtacha sotish narxi bir tonna uchun 10,13 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 17 noyabrda 9,36 million so‘mga, 18 noyabrda esa 9,18 million so‘mgacha pasaydi.

Xususan, mamlakatda ishlab chiqariladigan benzinning asosiy qismini ishlab chiqaruvchi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahalliy xomashyodan olinadigan yoqilg‘i narxini 8 foizga — 1 tonnasini 9,29 million so‘mgacha pasaytirdi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi bir tonna benzinni 8,36 million so‘mga (-17%), «Sanoat energetika guruhi» (Jizzakh Petroleum) 8,32 million so‘mga (-16%), neft bazalari va boshqa kichik ishlab chiqaruvchilar 8,56 million so‘mgacha (-17%) tushirdi.

Bundan tashqari, Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari benzinni 1 tonnagacha bo‘lgan kichik lotlarda birjaga qo‘yishni boshladi. Avvalroq Antimonopol qo‘mita qayd etganidek, bu holat kichik va o‘rta xaridorlarning imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan, chunki ularda katta hajmdagi yoqilg‘i saqlash uchun tegishli infratuzilma mavjud emas.

Natijada yirik lotlarni neft bazalarining o‘zlari sotib olgan va benzinni kichik lotlarda, lekin oshirilgan narxda sotuvga taklif qilishgan.

Avvalroq, 2019 yilda neftni qayta ishlash zavodlari benzinning 90 foizini kichik partiyalarda (10 foiz — yirik partiyalarda), 2020 yilda — 94 foizini (6 foiz yirik partiyalarda) sotuvga qo‘ygani, biroq 2021 yilda xaridorlar faqat yirik lotlarda benzin sotib olishlari mumkinligi xabar qilingandi. Natijada, xaridorlar o‘rtasida neft ba’zalarining ulushi 50% dan 83% gacha ko‘tarildi, buning natijasida «birjaning narx shakllanishidagi roli pasaydi».

Kichik partiyalar qaytarilgach, uch kun ichida xaridorlar soni sezilarli darajada oshdi — 32 tadan 119 tagacha. Xususan, agar hafta boshida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 11 korxonaga 60 tonnadan yirik lotda benzin sotgan bo‘lsa, payshanba kuni xaridorlar soni 66 taga yetdi, shulardan 47 tasi yoqilg‘ini 1 tonnalik lotlarda sotib olgan.

16 noyabr kuni Monopoliyaga qarshi qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev benzin narxining oshishi sabablarini sanab o‘tdi va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini aytgan edi. Jumladan, birjaga sotiladigan benzinning minimal hajmini oshirish, Ai-80 markali benzinni kichik 1 tonnagacha bo‘lgan lotlarda sotish va boshqalar bo‘yicha chora-tadbirlar e’lon qilingandi. U ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar 10 kun ichida ichki bozorda narxlarning barqarorlashishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishiga umid bildirgan.

Antimonopol qo‘mita ham birjada benzinni ayirboshlash operatsiyalarida «manipulyatsiya harakatlari» mavjudligini tasdiqladi va chora ko‘rishga va’da berdi.