17 noyabrdan O‘zbekiston hududi orqali Iroq, Suriya, Yaman, Livan, Liviya va Afg‘oniston fuqarolari — tranzit yo‘lovchilarning Belarus Respublikasi hududiga kirishiga hamda ularga aviachiptalar sotilishiga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi. Bu haqda Fuqaro aviatsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan rezident aviakompaniyalar tomonidan mazkur davlatlar fuqarolari — tranzit yo‘lovchilarga sotilgan aviachiptalar aniqlangan taqdirda, ushbu yo‘lovchilarga chipta puli belgilangan tartibda jarima qo‘llamagan holda qaytarilishi lozim.

Mazkur cheklovlar Iroq, Suriya, Yaman, Livan, Liviya va Afg‘oniston davlatlarining diplomatik pasport yoki Belarus Respublikasida doimiy yashash uchun berilgan yashash guvohnomasiga ega fuqarolariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetib borish niyatida bo‘lgan 2000 ga yaqin Yaqin Sharq va afg‘onistonlik qochqinlar Belarus va Polsha chegarasida to‘plangan edi. Bugun Iroq yuborgan samolyot uyiga qaytishni istagan ellikka yaqin muhojirni Bag‘dodga olib ketdi.