Ukrainada COVID-19 delta shtammining 11 varianti aniqlandi

Ukraina olimlari mamlakatda aylanib yuruvchi COVID-19 virusining 11 xil delta shtammini aniqladi, deya xabar beradi RIA Novosti.

«Molekulyar biologiya va genetika instituti olimlari tomonidan turli hududlarda koronavirus bilan kasallangan bemorlardan olingan namunalarning so‘nggi tahlillariga ko‘ra, Ukrainada delta shtammining 11 xil varianti aniqlandi. Delta shtammining SARS-CoV-2 deya nomlanuvchi turi mamlakatda koronavirusga chalinganlarning 60 foizida kuzatilmoqda. Shuningdek, olimlar AQSh va Buyuk Britaniya hamda boshqa Yevropa mamlakatlaridan kelib chiqqan yana o‘nta variantini topdi», — deyiladi xabarda.


Polsha 15 dekabrdan Belarus bilan chegarada to‘siq qurishni boshlaydi

Polsha hukumati 15 dekabr kuni Belarus bilan chegarada yangi to‘siq qurilishini boshlash niyatida. Bu haqda Polsha televideniyesida respublikadagi hukmron «Qonun va adolat» partiyasidan senator Kshishtof Mruz ma’lum qildi.

«Qurilish ishlari 15 dekabrda boshlanadi», — deya ta’kidlagan senator.

Migratsiya inqirozi tufayli Polsha Belorussiya bilan chegarada balandligi 5,5 metr bo‘lgan yangi va ishonchli struktura uchun 1,615 milliard zlotiy (taxminan 400 million dollar) ajratadi. Shundan 115 million zlotiysi (27 mln dollar) texnik jihozlar — datchiklar, kuzatuv uskunalari va boshqa zamonaviy asboblarga sarflanadi. Bu mablag‘larning barchasi mamlakat budjetidan ajratiladi. Qurilish 2022 yilning birinchi yarmida yakunlanishi rejalashtirilgan. Mamlakatning Belarus bilan chegarasining umumiy uzunligi 418 km. Yangi to‘siq 180 km ga cho‘ziladi — TASS.

Shuningdek:

  • Yevropa komissiyasi Belarus va Polsha chegarasida to‘planib qolgan muhojirlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun 700 ming yevro ajratishini ma’lum qildi. Mablag‘lar Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi orqali o‘tkaziladi va oziq-ovqat, ko‘rpa-to‘shak, dori-darmonlar va gigiyena vositalarini sotib olishga yo‘naltiriladi — RIA Novosti.

Qozog‘istonda uy portlashi oqibatida 10 kishi yaralandi, 3 kishi halok bo‘ldi

Qozog‘iston shimolida, Oqmo‘la viloyatining Shortandi qishlog‘idagi turar-joy binosida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib Kommersant’ xabar berdi.

Portlashdan keyin yong‘in boshlangan. Ta’kidlanishicha, uyda gaz balloni portlagan. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, o‘n kishi jarohatlangan.


Avctriya va Vengriyada koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha antirekord qayd etildi

Oxirgi kun ichida Avstriya shifokorlari 14,4 mingdan ortiq yangi koronavirus infeksiyasi holatini aniqladi.

Bu Avstriyada pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, bundan oldingi antirekord bir yil avval qayd etilgan va unda 9,5 mingta holat kuzatilgan. Avstriya G‘arbiy Yevropada vaksina olish bo‘yicha eng past ko‘rsatgkichiga ega. Aholining taxminan 35 foizi koronavirusna qarshi vaksina olmagan. Bu haqda Interfaks xabar berdi.

Avtriyaning qo‘shnisi Vengriyada ham joriy yilning bahoridan beri eng yuqori o‘sish qayd etildi. Kun davomida 10,2 mingta koronavirus holati aniqlangan. Shuningdek, o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ham antirekord o‘rnatilgan — 178 ta.

Qayd etilishicha, Vengriyada aholining qariyb 40 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning bir dozasini ham olmagan.


Hindistonning g‘arbiy qismida 16 yoshli qiz yuzlab erkaklar tomonidan zo‘rlanganini aytdi

Hindistonning g‘arbiy qismida 16 yoshli qiz o‘zini yuzlab erkaklar zo‘rlaganini da’vo qilganidan so‘ng kamida yetti nafar erkak hibsga olindi.

11 noyabr kuni Hindistonning Bolalarni himoya qilish qo‘mitasiga (CWC) bayonotiga ko‘ra, boshpanasiz qolgan qiz Maxarashtra shtatida 400 kishi tomonidan zo‘rlangan. Bayonotda aytilishicha, u o‘z shikoyatida ikki politsiyachini ham ko‘rsatgan.

Qo‘mita raisining so‘zlariga ko‘ra, qiz uni kaltaklaganlikda ayblagan erkak ustidan politsiyaga shikoyat qilmoqchi bo‘lgan, ammo zobitlar buni ro‘yxatga olishmagan. Dushanba kuni CNN nashri politsiya bilan bog‘langanda, politsiya qizning ularga qarshi da’volariga izoh bermagan.

Politsiya bayonotiga ko‘ra, qiz politsiyaga 13 yoshida uni jinsiy zo‘ravonlik qilgan 33 yoshli erkakka turmushga berishganini aytgan. Shuningdek, u politsiyaga otasi tomonidan jinsiy tajovuzga uchraganini ham ta’kidlagan.

Hindistondagi Ayollar huquqi faollari toihmonidan ushbu holat «tarixdagi eng fojealisi» deya ta’riflangan va politsiya qizni himoya qilmaganligi ta’kidlangan.