Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi ishchi guruh poytaxt shifoxonalaridagi vaziyatni o‘rgandi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda yosh bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Ushbu xastaliklarning eng yuqori ko‘rsatkichi esa Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar sezilarli ortgan.

«Shu sababli Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida ishchi guruh tuzilib, 13 noyabr tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat o‘rganildi», — deyiladi xabarda.

14 noyabr tonggi soat 04:30da Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilgan.

Natijada o‘sha kunning o‘zida o‘rganish xulosalari tahlil qilinib, poytaxtdagi shifo maskanlarida 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etildi hamda ona va bolalarga davolanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, payshanba kuni deputatlar sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga Behzod Musayev nomzodini ma’qullagan edi. Shundan so‘ng, prezident farmoni bilan u vazir sifatida ishga kirishdi.

U mazkur lavozimda Abduxakim Xadjibayevning o‘rnini egalladi. Sobiq vazir esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi.