Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Istanbul shahri yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida o‘tayotgan Turkiy kengash sammitida nutq so‘zladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Aminmanki, bugun qabul qilinayotgan qarorga binoan Turkiy Kengash nomi „Turkiy davlatlar tashkiloti“ deb o‘zgartirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘zini yakunlar ekan, davlat rahbari bugungi uchrashuv va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi qardosh xalqlarning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Prezident hamkasblarini yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini o‘tkazish uchun kelgusi yil O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.