1 noyabr holatiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida 191 571 ta qonun buzish holatlari aniqlangan.

Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining Davlat organlari va bosh tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Mahmudov ma’lum qildi.

DXA tomonidan 6131 ta ta’sir choralari qo‘llanildi:

  • 583 ta taqdimnoma;
  • 2978 ta ogohnoma;
  • 2556 nafar mansabdor shaxs va xodimga ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Ta’sir choralari natijasida 1138 nafar mansabdor intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan, 64 nafari lavozimidan ozod etildi.

Ulug‘bek Mahmudov. Foto: Videodan lavha.

Uning so‘zlariga ko‘ra, DXA tashkil etilganiga qariyb 4 yil bo‘lgan bo‘lsa, qonunbuzilish holatlari yil sayin kamayib bormoqda. «Bu yangicha tizimga barcha idoralarimiz bosqichma-bosqich moslashib bormoqdalar», — dedi Ulug‘bek Mahmudov.

DXA matbuot xizmati rahbari Sevara Zakirova 9 oyda eng ko‘p qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan top-5ta tashkilotni ma’lum qildi:

  • «O‘zsuvta’minot» AJ;
  • «Hududgazta’minot» AJ;
  • Qurilish vazirligi;
  • Kadastr agentligi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi.

«O‘zsuvta’minot» AJ bo‘lim boshlig‘i Farhod Vasiyevning ta’kidlashicha, 2019 yilgacha suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish xususiy sektorlar tomonidan ko‘rsatilgan. Undan so‘ng, ushbu xizmatni ta’minotchi korxona tomonidan ko‘rsatish boshlangan.

Farhod Vasiyev. Foto: Videodan lavha.

«Davlat idoralaridagi shu xizmatni ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarning yetishmovchiligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Buni keskin ravishda oshirishni moliyaviy taraflama ta’minlash imkoniyati mavjud emas. Sababi suv hisoblagichni davriy qiyoslashdan o‘tkazishdan kelib tushadigan mablag‘ olib qarasak, 2019−2020 yillarda har bir hisoblagich uchun — 8920 so‘m ta’minotchi korxonaga kelib tushgan», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, ushbu mablag‘ ichiga xonadonga mutaxassis tashrifi va hisoblagichni yechib olib, O‘zstandart agentligiga topshirish va qiyoslashdan o‘tkazilgach, hisoblagichni qayta o‘rnatish xarajatlari kiradi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ilk uch oyda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 108 mingdan ortiq qonun buzilishi holati aniqlangani haqida yozgandi. O‘shanda ham eng ko‘p qonunbuzarlik kommunal tashkilotlari bilan bog‘liq bo‘lgan edi — 88 509 ta holat. 3 oyda 20 nafar mansabdor ishdan olingandi.