Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Ahmad Donish, Sebzor va Nurafshon ko‘chalari kesishmasida transport harakatini tashkil etishning yangi sxemasi haqida reportaj e’lon qildi.

Chorrahaning asosiy prinsipi — «faqat to‘g‘riga harakat"lanishdan iborat. O‘ngga burilish uchun 50−100 metrlik ikki qator yo‘l («karmashka») tashkil etilgan. Chapga burilish uchun esa Nurafshon ko‘chasidan svetoforli maxsus yo‘nalishlar, Ahmad Donish va Sebzor ko‘chalaridan esa aylanma yo‘llar va ortga qayrilish qatoridan o‘tuvchi harakat yo‘llari ajratilgan.


Reportajda aytilishicha, shahardagi aksariyat chorrahalarda mashinalar to‘g‘riga, o‘ngga yoki chapga va ba’zi hollarda hattoki ortga qayrilib olish mumkin, bu esa transport vositalarining to‘planishiga va tirbandlikni keltirib chiqarishga sabab bo‘lmoqda.

Loyiha rahbari Firat Koch intervyuda barcha qo‘shimcha yo‘llar hisobiga endilikda chorrahadan 600−700 taga yaqin avtomobil o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Svetoforda turgan va avtomobillar orasida 8−10 metr masofa mavjud, bu masofa orasidagi chiziqlarda esa 2 tadan (4 qiziqli yo‘lda 8−10 ta) avtomobil joylashishi mumkin. Ta’kidlanishicha, avtomobillarni svetoforga yaqinroq joylash orqali tirbandlikni oldini olish maqsad qilingan.

«Bizning loyihamiz bo‘yicha ushbu chorrahada chapga harakatlanuvchi 1000 ta avtomobil to‘plansa ham bu yerda tirbandlik hosil bo‘lmaydi. Bunga ishonch hosil qilish uchun biz maxsus dasturlar orqali bu jarayonni hisoblab, tekshirib ko‘rdik», — dedi turkiyalik mutaxassis.


Reportajda shuningdek, loyihalashtirish ishlari davomida aholi fikri ham inobatga olingani aytilmoqda. Shu kunlarda chorraha atrofida piyodalar yo‘lakchalarini yangilash, yashil hududlarni tashkil etish jarayonlari davom etmoqda.

Shunga qaramasdan, videolavhalarda barcha piyodalar o‘tish joylarida ham xavfsizlik choralari mavjud emasligini ko‘rish mumkin.

Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasi (o‘tgan yili yozda) rekonstruksiya qilinganidan so‘ng, aholi uning juda kengligi va piyodalar o‘tish joylari mavjud emasligidan shikoyat qilgan edi.

Bahorda Transport vazirligi va Toshkent shahar IIBB ham Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi qayta tashkil etilgan chorrahalarda «faqat to‘g‘riga harakatlanish» tartibi bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgandi. O‘shanda haydovchilar ko‘chalardan «noto‘g‘ri foydalanayotgani» aytilgandi.