O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida xalq deputatlari kengashlari va hokimlar vakolatlarini aniqlashtirish bo‘yicha rejalar haqida gapirdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari kengashlari va hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish yaratish vaqti keldi, deb hisoblaydi.

«Necha marta biz buni gapiryamiz, lekin mana, besh yil tajriba orttirdik… Endi kengashning rahbari ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emasligini xalqimizning o‘zi aytyapti. Vaqt-soati keldi, qonuniy masalani ham joy-joyiga qo‘yamiz. Shunday qilib, demokratik yo‘nalishlardagi katta poydevorni yaratamiz. Agar shu poydevor bo‘lsa, ancha anchagina ijro organi rahbarlari ham xalq tomonidan jilovlanadi. Xalq deganim — deputatlar tomonidan, deputatlar deganim — xalq saylagan vakillar tomonidan», — dedi u.

Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda Jamoatchilik palatasini tashkil etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish rejalashtirilgan. Bu haqdagi farmon 2020 yil aprel oyida imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil sentabrga kelibgina kengashlar o‘z faoliyati uchun tashkiliy, texnik va boshqa xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi kotibiyatlariga ega bo‘ldi. Ilgari hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga zid bo‘lgan mazkur vazifalar bilan hokimliklar shug‘ullanar edi.

O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Xayitov 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan deputatlik saylovlari oldidan hokimni kengashlar boshqarmasligi kerakligini aytgan edi.

2020 yil yanvar oyida Senat raisi Tanzila Narboyeva vaqt o‘tishi bilan hokim va kengash rahbari lavozimlari chegaralanishini ma’lum qildi.

«Ayni paytda vakillik va ijro organining rahbari hokim. Vaqti-soati kelib, bu ikkalasi ajratiladi. Hozircha hokim vakillarga ko‘proq erkinlik berishi lozim. Bo‘lmasa, hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi», dedi — dedi Senat raisi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2021 yil aprel oyida Adliya vazirligi ushbu tartibni bekor qilish taklifi bilan chiqqani va tegishli hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritgani, biroq u hali ko‘rib chiqilmagani haqida xabar berdi.