Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingi e’lon qilindi. Bu haqda 4 noyabr kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, birinchi beshtalikni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat universiteti va Toshkent moliya instituti egalladi.

So‘nggi o‘rinlardan esa Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Nukus davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti o‘rin olgan.


Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar orqali eng ko‘p mablag‘ ishlab topgan OTMlar reytingi ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ ishlab topgan OTMlar:

  • Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti,
  • Navoiy davlat konchilik instituti,
  • Toshkent davlat agrar universiteti.

Ilmiy tadqiqotlar orqali mablag‘ ishlab topmagan OTMlar:

  • Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti,
  • O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti,
  • Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti.

Ma’lum qilinishicha, nufuzli xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar soni o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshib, 15170 taga yetdi. Xorijiy talabalar soni 1,5 barobarga o‘sdi va 4760 nafarga yetdi, — dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i. OTMlardagi ilmiy salohiyat so‘nggi uch yilda o‘rtacha 4,2 foizga oshgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonga xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalar kelib faoliyat olib borayotgan davlatlar soni ikki barobarga oshib, bugungi kunda 62 tani tashkil etmoqda. Eng ko‘p xorijlik professor-o‘qituvchilar Turkiya, Belorussiya, Janubiy Koreya, Rossiya davlatlaridan tashrif buyurishgan. Eng ko‘p talabalar Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Pokiston, Afg‘onistondan kelishgan, deyiladi inspeksiya bayonotida.

Bundan tashqari, OTMlarining ilmiy salohiyati reytingi ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yuqori o‘rinlarni quyidagi OTMlar egallagan:

  • Toshkent moliya instituti
  • O‘zbekiston milliy universiteti
  • Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
  • O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
  • Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
  • Samarqand davlat universiteti.

Xabarda aytilishicha, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki professor unvoniga ega professor o‘qituvchilar soni 2477 nafarga (o‘tgan yilda 2147 nafar), fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega professor o‘qituvchilar soni 8706 nafarga (o‘tgan yilda 7963 nafar) yetdi.

Shuningdek, 26 476 nafar respondent ishtirok etgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ish beruvchilar 49,3 foizi bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmasiga, 41 foizi ish beruvchi bitiruvchilarning kelgusida o‘sish imkoniyatlariga, 63,4 foizi ish beruvchi OTMning kadrlar tayyorlash sifatiga, 57,7 foizi ish beruvchi OTMning ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasiga «ijobiy» baho bermagan. Shuningdek, 4,5% ish beruvchilar tegishli soha OTMlari bitiruvchilarini ishga qabul qilmasliklarini bildirishgan, deya qayd etdi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.

Ilk marotaba tuzilgan OTMlar filiallari reyting natijalariga ko‘ra, yuqori o‘rinni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaoligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali egallagan. Eng oxirgi o‘rinda esa Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali qayd etildi.

Inspeksiya xabariga ko‘ra, mazkur reytinglarni tuzishdan maqsad filiallarning ta’lim sifatiga bo‘lgan hisobdorligini oshirish va ularni ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mehnatlarini rag‘batlantirish hisoblanadi.