Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi («O‘zkomnazorat») Telegram, YouTube, Instagram, Facebook, Odnoklassniki`ning O‘zbekistondagi faoliyatini chekladi.

«Gazeta.uz»ning aniqlik kiritishicha, «O‘zkomnazorat» shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reyestrini yuritadi. Unga Odnoklassniki, YouTube, LinkedIn, Instagram, Facebook, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar kiradi.

«O‘zkomnazorat» ijtimoiy tarmoqlarga iyun oyida taqdimnoma yuborgan va ularning faoliyatini 2 iyul kuni cheklagan. Keyin inspeksiya 2 noyabr kuni taqdimnoma yuborgan va ularning faoliyatini 3 noyabr kuni cheklagan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida «O‘zkomnazorat» Mail.ru Group (VKontakte), Twitter va Tencent (WeChat) ijtimoiy tarmoqlari egalariga «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27−1 moddasiga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Ya’ni, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari qayta ishlanadigan serverlarni mamlakat ichida joylashtirish kerak edi.

Iyul oyi avvalida TikTok, Twitter, Skype, «VKontakte»ning O‘zbekistondagi faoliyati cheklangan edi.

Keyinroq ushbu platformalar qatoriga Xitoyning WeChat ijtimoiy tarmog‘i ham qo‘shilgandi.