2021 yilning 9 oyida Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlarning 5 mingdan ortiq murojaatlari o‘rganilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 2 barobarga ko‘p. Bu haqda Biznes-ombudsman bo‘lim boshlig‘i Nozimaxon Saidaliyeva ma’lum qildi.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning deyarli 3 mingtasi qanoatlantirilgan, qolganlari yuzasidan tushuntirish berilgan.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga kelib, sud davlat organining tarafini oladi, degan fikr tobora yo‘qolib, tadbirkorlar va davlat organlari teng ravishda o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lib bormoqda.

«Sudlar esa davlat organlarining huquqbuzar shaxslariga nisbatan tegishli jazo choralarini qo‘llash holatlari amaliyotda ko‘p uchraydi», — dedi u.

Biznes-ombudsman vakilining qayd etishicha, afsuski, davlat organlarining ayrim mansabdorlari va xodimlari hanuzgacha eski fikrlash asosida ishlab kelmoqda va tadbirkorlarning huquqlarini buzmoqda.

Biznes-ombudsman bo‘lim boshlig‘i Nozimaxon Saidaliyeva. Foto: AOKA.

«Huquqbuzarliklarga hududlar kesimida nazar tashlaydigan bo‘lsak, Biznes-ombudsmanga eng ko‘p kelib tushgan murojaatlar soni Toshkent shahri (643), Toshkent viloyati (583) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (540) to‘g‘ri kelmoqda. Sohalar kesimida, tadbirkorlarni eng qiynayotgan muammolar bu yer masalasi (1 179) va kredit ajratilishi (1 119). Ushbu yo‘nalishlar o‘tgan yili ham dolzarb bo‘lgan», — dedi Nozimaxon Saidaliyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «tadbirkorlarning huquqlari buzilishi davlat budjeti uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqarmoqda».

«Agar sudlar misolida aytadigan bo‘lsak, sud qarorlari bilan davlat organlariga tadbirkorning buzilgan huquqlarini tiklash, bu kompensatsiya to‘lash, yer ajratish va hokazo, shuningdek qo‘shimcha davlat bojini to‘lash vazifasi yuklatiladi», — deya ta’kidladi mutaxassis.

Ushbu summalar qo‘shilib, katta mablag‘lar shakllanishi qayd etilgan.

«Qo‘shimcha xarajatlardan tashqari, tadbirkorning huquqini buzgan davlat organining va xodimning imidjiga ham salbiy ta’sir qiladi va ularga bo‘lgan ishonch kamayadi. Shu sababli ham, davlat organlarini huquqbuzarliklarni sodir etmaslikka chaqiramiz», — dedi Biznes-ombudsman bo‘lim boshlig‘i.

Bundan tashqari, Biznes-ombudsman tomonidan 2021 yilning 9 oyida tadbirkorlar manfaatiga sudlarga 28 mlrd so‘mlik da’vo arizalar kiritilgan.

«Shu bilan birga, qo‘llanilgan ta’sir choralarni tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yil ma’muriy javobgarlikka tortilganlar soni keskin ko‘payib ketgan va o‘tgan yilga nisbatan 740 nafarga oshgan», — dedi Nozimaxon Saidaliyeva.

Hududlar kesimida ma’muriy javobgarlikka tortilgan eng ko‘p mansabdor shaxslar soni Namangan (129), Qashqadaryo (126), Toshkent va Buxoro viloyatlariga (121) to‘g‘ri kelmoqda. «Bu degani sudlar biznes tarafida bo‘lib, tadbirkorlarning manfaatlarini inobatga olmoqda», — dedi u.

Shu bilan birga, Biznes-ombudsmanning ta’sir choralari natijasida 1000 dan ortiq mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi, 225 tasiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Tadbirkorlar foydasiga sudlar orqali 19 mlrd so‘mlik mablag‘lar undirilishi belgilandi, qolaversa, davlat organlarining 500ga yaqin qaror va hujjatlari bekor qilindi.

Ta’kidlanishicha, Biznes-ombudsman tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy ishlar bo‘yicha jarimalar BHMning 20 dan 80 baravarigacha belgilangan va ushbu jazo choralari mansabdor shaxslarni biznesga aralashishdan oldin o‘ylantirishi kerak.