Energetika vazirligi shtabi tomonidan 2021 yil oktabr oyining o‘tgan 22 kuni davomida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ulgurji iste’molchilarning tabiiy gazdan foydalanish holatlari o‘rganildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida respublika bo‘yicha tabiiy gazdan 228 ta holatda noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.

«22 kun ichida 4 mln 278 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Buning natijasida, gaz ta’minoti tashkilotlari yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 832 mln 900 ming so‘mni tashkil qilgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 427 ming 830 ta xonadonning 1 kunlik iste’molini tashkil qiladi.

Boshqacha aytganda, bu Namangan va Andijon viloyatlaridagi jami aholi xonadonlarining bir kunlik iste’moli degani.

Ushbu noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Namangan, Toshkent va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Aniqlangan holatga huquqiy baho berish uchun rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.