20 oktabr kuni Toshkentdagi Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur istirohat bog‘i) rekonstruksiyadan so‘ng qayta ish boshladi, deya xabar berdi poytaxt Turizm va sport bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Toshkent hokimi o‘rinbosarlari Faxriddin Davrukov va Furqat Maxmudxo‘jayev, shuningdek, Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov ochilish marosimida bog‘ning shovqinli attraksionlarsiz, qulay va sokin joy bo‘lib qolishiga va’da berishdi.

«Bog‘dagi ta’mirlash ishlari to‘liq hajmda yakunlanmaganiga qaramay, shahrimiz aholisining xohish-istaklaridan kelib chiqib, Do‘stlik bog‘i belgilangan muddatdan avvalroq ish boshladi», — deyiladi xabarda.

Bog‘da bolalar, yoshlar va kattalar uchun bir nechta zamonaviy maydonchalar qurildi, yurish yo‘llari ta’mirlandi, yugurish va velosiped yo‘laklari, ikkita mini-futbol stadioni, kutubxona, yozgi kinoteatr barpo etildi. Bog‘dagi ko‘lda yoritkichlar va favvoralar o‘rnatildi, maxsus sahna qurildi. Seul va Sietl bog‘lari obodonlashtirildi.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston hukumatining 2018 yildagi qaroriga muvofiq boshlangan rekonstruksiya ishlari haqida batafsil yoritgan edi. Bog‘ poytaxtdagi boshqa bog‘lar singari investorga berilgan, tashrif buyuruvchilar uchun yopilib, qurib, qaqshashni boshlagan edi.

Shahar aholisi hukumatdan bog‘ni ochishni talab qila boshlagach, hokimiyat rekonstruksiya ishlarini o‘z zimmasiga oldi. Shahar hokimligi vakillari aholi bilan uchrashuv o‘tkazib, unda takliflar yig‘ilib, ularni inobatga olishga harakat qildi.

Bog‘ ochilishida hokimlik vakillari aholining talab va istaklaridan kelib chiqqan holda bog‘ni obodonlashtirish ishlari davom ettirilishiga yana bir bor ishontirishdi.

Foto